Sinxron suzuvchilarimiz Osiyo chempioni
Tailandda suv sporti turlari bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionatida mamlakatimizning sinxron suzuvchilari muvaffaqiyatli qatnashmoqda.
Yosh guruhlari o‘rtasida sinxron suzish musobaqasining birinchi kunida mahoratli sportchilarimiz ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Daria Kochneva texnik yakkalik bahslarda jamoaning birinchi oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
“A” guruhida bahs olib borgan terma jamoamiz a’zosi Darya Kochneva 219.0758 ball jamg‘argan holda shohsupaning eng yuqorisidan joy egallagan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar singapurlik Kira Li Jia Xuan (209.6417) va qozog‘istonlik Sofiya Xarchenko (186.8417)ga nasib etdi.
Musobaqaning texnik duet yo‘nalishida hamyurtlarimiz Xadicha Agzamova va Sabina Mahmudova O‘zbekiston jamoasi uchun ikkinchi oltin medalni taqdim etdi.
O‘zbekistonlik sinxron suzuvchilarning dueti hakamlar tomonidan 253.3141 ball bilan baholandi va bu ularni chempionatning oltin medallariga ega chiqishini ta’minladi. 2 va 3-o‘rinlarga Makpal Kalmurza/Dayana Djamanchalova (Qozog‘iston) hamda Yong Jia Yi/Gan Yue Thoong (Malayziya) ega chiqdi.
Musobaqalar davom etmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA