Sinovli kunlar ortda qoladi, savob esa...
Bugun Toshkent viloyatining barcha hududlarida qizgʻin ish olib borilyapti.
Bugun Toshkent viloyatining barcha hududlarida qizgʻin ish olib borilyapti. Koronavirus pandemiyasi odamlarni tashvish va sarosimaga tushirgani yoʻq.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, markazlarda kunu tun faoliyat koʻrsatayotgan “Call center”larga ehtiyojmand insonlardan buyurtmalar qabul qilinmoqda. Kam taʼminlangan oilalar ijtimoiy tarmoqdagi Telegram kanali orqali ham oʻz murojaatlarini yoʻllamoqdalar.
Zangiota tumanida ham bemorlarni davolashga ixtisoslashgan maxsus shifoxona qurilishi davom etmoqda. 68 gektar maydonni egallagan, shifokorlar va operatsion boʻlimlar uchun alohida xonalar, shuningdek, tugʻruq majmuasi mavjud kasalxona 10 ming oʻringa moʻljallangan. Kasalxonani tez kunlarda foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.
Eng quvonarlisi, savob ishlardan hech kim chetda qolishni istamayapti. Imkoni bor inson xayriyaga oʻz hissasini qoʻshishga harakat qilmoqda. Ayniqsa, Qibray tumaning “Nurafshon“ mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Aziz Sattorovning saxovati qalblarimizni junbishga keltirdi. U Boʻstonliq tumanidagi 120 oʻrinli barcha qulayliklarga ega, zamonaviy xususiy dam olish maskanini xorijdan kelayotgan yurtdoshlarimizning karantin davrini oʻtkazishi uchun bepul taqdim etdi. Shu bilan birga, tadbirkor ushbu davr mobaynida karantindagi fuqarolarni oziq-ovqat bilan toʻliq taʼminlashni oʻz zimmasiga oldi.
El boshiga ish tushsa, insonlar saralanadi degan naql bejiz aytilmagan. “Grand Pharm Trade” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi dorixonalar tarmogʻi jamoasi ham savobli ishdan chetda qolgani yoʻq. Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi uy sharoitida karantinda saqlanayotgan xonadonlar, kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalar, Mehribonlik hamda Saxovat uylari va bolalar internetlariga xayriya sifatida 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar yetkazib berishni boshladi.
Hozirgacha bunday xayriya yordamlari masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan ikki marta amalga oshirildi. Dastlab 1000 ta oilaga ehson qutilari berilgan boʻlsa, yaqinda Ohangaron shahridagi yana 1000 ta turmush sharoiti ogʻir oilalar va nogironligi bor fuqarolarga yordam koʻrsatildi.
Bitta xayriya qutisida oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar (5 kg un, 3 kg shakar, 10 kg guruch, 2 dona tovuq, 5 litr yogʻ, 1 kg choy, 60 dona tuxum, 5 kg makaron, 10 kg kartoshka, 5 kg piyoz, 5 kg sabzi, 2 pachka tuz mahsulotlari va 18 turdagi dori-darmonlar) bilan birga, 250 ming soʻm naqd pul ham bor.
Bahor nafasi butun borliqni uygʻotayotgan shu kunlarda viloyat aholisining kayfiyati yaxshi. Odamlar bir-biriga mehribon. Xalq bir kuchga aylangan, hamma qoʻni-qoʻshnisidan xabar olgan. Qiynalayotgan, eʼtibordan chetda qolayotgan oila yoʻq. Hamma Yaratgandan sinovli kunlar tezroq qolishini soʻrab, duo qilmoqda.