Sifatsiz qurilish mahsulotlari utilizatsiya qilindi
Mamlakatimizda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni zamonaviy talablar asosida ta’mirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Biroq, bu borada ajratilayotgan mablag‘lar va yaratilayotgan sharoitlar ortidan mo‘may daromad ko‘rishni ko‘zlab, farzandlarimiz xavfsizligiga panja ortidan qarayotgan tadbirkorlar ham uchrab turibdi.
Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan rejaviy nazorat tadbirlari davomida ana shunday ko‘zbo‘yamachilik holatlaridan biriga chek qo‘yildi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, quduq (kolodes) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi "SAMANBAY PROM STROY" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mahalliy maktablardan birini ta’mirlash ob’ekti uchun 6 dona beton quduq yetkazib berilgan. Biroq, mahsulotlar ko‘rikdan o‘tkazilganda ularning hech biri belgilangan me’yoriy hujjatlar va davlat standartlari talablariga javob bermasligi oydinlashdi.
Mazkur holat aniqlangach, Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan nomuvofiq deb topilgan ushbu mahsulotlarni zudlik bilan muomaladan qaytarib olish va utilizatsiya qilish bo‘yicha majburiy taqdimnoma kiritdi.
Natijada tadbirkor va nazorat organlari vakillari ishtirokida barcha sifatsiz quduqlar belgilangan tartibda butunlay utilizatsiya qilindi va qurilish jarayonidan chetlatildi.
Tekshiruv yakunida mutasaddilar ishlab chiqaruvchi korxona rahbarlarini kelgusida me’yoriy hujjatlar talablariga qat’iy rioya etishlari shartligi, aks holda qonunchilik doirasida bundan ham jiddiyroq va qat’iy choralar ko‘rilishi haqida rasman ogohlantirdi.
Hamroz Bayonov, O‘zA