Sifati kafolatlanmagan dori vositalari aniqlandi
Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy Gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmalari va Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida 474 ta qutida 472 ming 690 dona sifati kafolatlanmagan dori vositasi aniqlandi.
Ular talabga javob bermaydigan sharoitda saqlangan, kelib chiqishi va sifatini tasdiqlovchi zarur hujjatlar mavjud bo‘lmagan. Dori vositalarining umumiy qiymati 279 million so‘mni tashkil etdi.
Mazkur holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri