Sifat va samaradorlik oshmoqda
Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan “Navoiy gold tekstil” korxonasida nafaqat trikotaj mahsulotlari, balki maxsus oyoq kiyimlar ham ishlab chiqarilmoqda.
Navoiy shahrida faoliyat yuritayotgan “Navoiy gold tekstil” korxonasida nafaqat trikotaj mahsulotlari, balki maxsus oyoq kiyimlar ham ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda qariyb 90 kishi mehnat qilayotgan korxonada kelgusida 300 ta ish oʻrni yaratish belgilangan.
Viloyat investitsiya dasturi asosida 700 ming AQSH dollarlik mablagʻ yoʻnaltirilgan ushbu ishlab chiqarish loyihasiga zamonaviy texnologiyalar tatbiq etildi. Tashabbuskor tadbirkor tomonidan jahonning eng ilgʻor tikuv, toʻquv va qadoqlash uskunalari olib kelinib, qisqa muddatlarda oʻrnatildi. Tikuvchilik sir-asrorlarini oʻrgangan yoshlar korxonaga ishga qabul qilinib, ular uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, ishchilarning kelib-ketishi uchun maxsus avtobus tashkil etilgan boʻlib, 3 mahal issiq ovqat bilan taʼminlangan.
– Xitoy Xalq Respublikasi va Janubiy Koreyadan zamonaviy dastgohlarni xarid qilib korxonani ishga tushirdik, – deydi “Navoiy gold tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Anvar Roʻziyev. – Hozirda bu yerda oyiga 25 ming tonna sochiq va 3 ming juft oyoq kiyimlar tayyorlanmoqda. Mahsulotlarimiz eksportga ham yoʻnaltirilmoqda. Masalan, momiq sochiq mahsulotlarimiz Rossiya bozoriga yetkazib berilayotgan boʻlsa, maxsus oyoq kiyimlar Qozogʻistonga eksport qilinmoqda.
Ahamiyatlisi, korxona ishchilarining aksariyati Navoiy shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan tashkil etilgan kasb-hunarga qayta oʻqitish markazlarida tikuvchilik sir-asrorlarini oʻrganib kelgan yoshlardir. Ular tahsil davomida korxonaning oʻzida amaliyot oʻtashdi va maxsus sertifikat orqali ishga joylashdi.
– Men uch oylik oʻquv kursini tamomlab shu korxonaga ishga qabul qilinganimdan mamnunman, – deydi Aziza Amrullayeva. – Hozirda tikuvchilar boʻlim boshligʻi vazifasida ishlayapman. Korxonada “Ustoz-shogird” tamoyiliga qatʼiy amal qilinib, har bir chevar qizlar tajribali ustozlarga biriktirilib, mahoratini oshirmoqda.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan poyafzal mahsulotlari oʻzining chidamliligi va oʻziga xos dizayni bilan ajralib turadi. Shu bois, ularga boʻlgan talab kun sayin ortib bormoqda. Viloyatdagi yirik sanoat korxonalari Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot” va “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatlari bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Endilikda korxonada Italiya texnologiyasi asosida ayollar oyoq kiyimlari ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, matolarni boʻyash sexini ham ishga tushirish moʻljallangan.