Sifat va mahsuldorlik oshmoqda
Fermer xo‘jaliklarining faoliyat qamrovini hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashdagi ishtirokini kengaytirish, xususan, parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha Toshkent viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Fermer xo‘jaliklarining faoliyat qamrovini hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashdagi ishtirokini kengaytirish, xususan, parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha Toshkent viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 22-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida parrandachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari qulay va zamonaviy tovuqxonalar bilan ta’minlandi. Ularda havo harorati hamda namligini maqbul me’yorda saqlash, suv va ozuqa bilan avtomatik ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, viloyatda ikki yuzga yaqin parrandachilik fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ularning har birida uch yuzdan uch minggacha parranda parvarishlanayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida mazkur xo‘jaliklar tomonidan 15 million donaga yaqin tuxum, ikki yuz ming tonnadan ziyod go‘sht yetkazib berildi.
Bank krediti va fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari evaziga tashkil etilgan yangi xo‘jaliklarda besh yuzga yaqin ish o‘rni yaratildi. Bu aholi bandligini ta’minlash, dasturxoniga fayz-baraka kiritish barobarida iqtisodiyotimizning yanada yuksalishiga xizmat qilayotir.
– Bu sohada tez mahsulot yetishtirish va foyda olish mumkin, ko‘p xarajat ham talab qilinmaydi, – deydi viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi mas’ul xodimi Shakarboy Dehqonboyev. – Xona harorati mo‘tadil, ozuqa yetarli bo‘lsa kifoya. Go‘sht yetishtirish uchun parvarishlanayotgan tovuq 40 kun ichida bemalol 2 kilogramm tosh bosadi. Bitta tovuq yiliga 305-315 dona tuxum beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ilgari jo‘jalar 150 kunda tuxumga kirgan. Endi bu muddat 50-53 kunga qisqardi. Parhez go‘sht yetishtirish jarayoni 40-45 kunni tashkil etayotir. Mahsuldorlikni oshirish maqsadida ellikdan ortiq inkubator faoliyati yo‘lga qo‘yilib, undan olingan jo‘jalar shartnoma asosida yangi tashkil etilgan xo‘jaliklar va aholiga yetkazib berilmoqda.
Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi Baxtiyor Qosimov chetdan zotdor tovuqlar keltirib, “Parranda sanoat baraka” fermer xo‘jaligini tashkil etdi. Tovuqlarni kasallantirmay parvarish qilish uchun hududdagi veterinariya muassasasi bilan shartnoma tuzdi. Ayni paytda xo‘jalikda nafaqat tuxum, balki parhez go‘sht yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida iste’mol bozoriga 100 tonnaga yaqin parranda go‘shti yetkazib berildi.