Sian – Farg‘ona aviaqatnovini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish, yo‘lovchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatida Xitoyning “Loong Air” aviakompaniyasi marketing departamenti bosh menejeri Syao Vey boshchiligidagi delegatsiya bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, mavjud yo‘nalishlarda parvozlar sonini ko‘paytirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, jumladan, Fast Track xizmati va yuqori darajadagi kutish zallari imkoniyatlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, O‘zbekiston aeroportlaridagi Duty Free do‘konlari operatorlari bilan qo‘shma marketing loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi Sian – Farg‘ona yangi xalqaro aviayo‘nalishini ochish bo‘ldi. Tomonlar ushbu yo‘nalishning tijoriy salohiyatini muhokama qilib, Farg‘ona vodiysi aholi zichligi, yuqori ishbilarmonlik faolligi va boy turistik imkoniyatlari bilan mamlakatning eng istiqbolli hududlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Farg‘ona vodiysida Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, investitsiya loyihalari doirasida hududga tashrif buyurayotgan Xitoy fuqarolari va ishbilarmonlar sonining ko‘payishi mazkur yo‘nalishda barqaror yo‘lovchilar oqimini shakllantirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar Sian – Farg‘ona aviaqatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, Toshkent va Samarqand yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan mavjud reyslar sonini yanada oshirish yuzasidan o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Ma’lumot uchun, “Loong Air” Xitoyning Xanchjou shahrida joylashgan aviakompaniya bo‘lib, ichki va xalqaro yo‘lovchi tashuvlarini amalga oshiradi. Ayni paytda aviakompaniya O‘zbekistonga Sian – Toshkent, Chendu – Toshkent va Sian – Samarqand yo‘nalishlari bo‘yicha haftasiga to‘qqizta muntazam reysni bajarmoqda. Yangi Sian – Farg‘ona yo‘nalishining ochilishi esa ikki mamlakat o‘rtasidagi transport, savdo, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA