Shunday yashar odatda odam
Oq-sargʻishdan kelgan chiroyligina bola eskilarning lutfi bilan aytganda, mullaga qoʻygandek edi.
(Ocherk)
Har yigitning aslin bilay desangiz,
Maʼrakada oʻtirib turishin koʻring.
Maxtumquli.
OQLANGAN ISHONCH
Soatmoʻminning bolalik yillarini eslasam, negadir xayolimga ulugʻ rus shoiri Sergey Yeseninning “Goʻdaklikda maʼlum har odam, Bola boshdan degan gap toʻgʻri”, degan satrlari urilaveradi.
Oq-sargʻishdan kelgan chiroyligina bola eskilarning lutfi bilan aytganda, mullaga qoʻygandek edi. Jimgina yurar, besatr qiliqlarga tobi yoʻq, ayniqsa, maktabda darslarda odob bilan oʻtirar, bundan xursandlangan oʻqituvchilar uni oʻquvchilarga namuna qilib maqtashardi. Ammo u doskaga chiqqanida boshqacha Soatmoʻmin boʻlib ketar, goʻyoki ilhomi qoʻzigan shoirga oʻxshab.
Uning bolalik yillarini koʻpdan koʻp voqealar bezagan. Hatto mashhurlantirgan. Ruxsatingiz bilan, quyida ularning ikkitasini siz bilan baham koʻrishni niyatladik.
Birinchisi, u 7-sinfda oʻqiyotganda boʻlgandi. Darslarda tili shakarlanib ketadigan adabiyot oʻqituvchisi bu gal darsga oʻzgacha quvonch bilan kirib keldi. Uning chiroyli koʻzlarida bamisoli yulduz porlardi. Qoʻlidagi kitob-daftarlarini stol ustiga qoʻyib, qizgʻin salomlashgach, oʻquvchilarga qarab shunday dedi:
-Bolalar, oʻzimning shirindan shirin oʻquvchilarim. Bugun sizlar sinfdoshlaringiz Soatmoʻmin Jumayevni chin yurakdan tabriklasangiz boʻladi.
U shunday deya qoʻlidagi gazetani oʻquvchilarga pesh qilarkan davom etdi.
-Chunki bugun tumanimiz gazetasi “Oltinsoy tongi”da uning “Ena yurt” sarlavhali sheʼri chiqibdi. Juda yaxshi, juda chiroyli sheʼr. Buni qarangki, oʻzida shunday sheʼr yozish sanʼati boʻlsada, bu haqda hatto men bexabarman. Hozir ruxsatlaring bilan shu sheʼrni oʻqib bersam:
Enajonim, ena yurt,
Qadding koʻtar, qadding tut.
Sen ichmagan ogʻu yoʻq,
Sen chekmagan qaygʻu yoʻq.
U kunlar zaxmin unut,
Enajonim, ena yurt.
Necha zamon olamga,
Panjaradan qarading.
Har bir giyoh maysadan,
Goh Sinoni soʻrading.
Johillar edi bisyor,
Bisyor edi – zolimlar.
Xalq dardiga davo yoʻq,
Quvgʻin edi olimlar.
Bilmasding ne yozigʻin,
Kulfan ila ozigʻin.
U kunlar zaxmin unut,
Enajonim, ena yurt…
Yirik hajmdagi, hatto tajribali shoirlarning sheʼrlariga oʻxshash sheʼrni oʻqituvchi yuksak isteʼdod bilan oʻqidi.
Ovozi ochiq deraza osha chapar urib gullagan maktab bogʻida-da maftunkor jarangladi.
Shunda oʻquvchilarning yuzi qizillanib oʻtirgan Soatmoʻminga bir boshqacha havas, mehr bilan qarashlarini bir koʻrsangiz edi,
Oʻqituvchi shu kuni adabiyot darsini unutdi. Zero uning bugun aytayotganlari, oʻtgan zoʻr darslarining zoʻri, maftunkori, samarasi edi.
Matluba Gʻafforova yana davom etdi:
-Oʻquvchilar, bizning Moʻminqul qishlogʻi ijodkorlar yurti, shoirlar qishlogʻi, desa boʻladi. Yozuvchi Joʻra Qodirov, shoir va dramaturg Qoʻchqor Norqobil, Abdi Parda, Tojiniso Eshonqulova, Botir Doniyorov, Oliya Ortiqova, Sayfi Togʻaylar shu qishloq farzandlari boʻlib, ular mana shu sizlar oʻqiyotgan maktabda oʻqigan. Endi ular qatoriga bemalol Soatmoʻmin Jumayevni ham qoʻshgim keladi. Bu ishonchni menga uning “Ena yurt” sheʼri berayapti.
Soatmoʻmin bugun oʻqituvchisining shundagi ishonchli gaplarini sharaf bilan oqladi. U 15 ta katta-kichik nazmiy va nasriy kitoblar muallifi.
DAKKI
Ijodkorlarga havasi va mehri zoʻr boʻlgan Xolboy Jumayev “Ena yurt” sheʼridan soʻng oʻgʻli Soatmoʻminni mehrlanib “Shoir oʻgʻlim” deydigan odat chiqardi. U bu soʻzlarni gʻoyat boʻlakcha, hayajon bilan ogʻiz toʻldirib aytardi. Shunda dili dimogʻi yayrablar ketardi. Ammo bir voqea kun sayin mehrlanib, lovullab borayotgan olov ustiga kutilmaganda bir chelak tarmaday sovuq suvni sepib yuborganday boʻldi.
Shunda Xolboy fermer odatdagidek ertalabdan hovlilari etagidagi tokzorga oʻtish niyatida eshik ochsa, eshik tagida sutrang “Neksiya” turibdi.
Undan koʻp yillardan beri qadrdon doʻsti Akbarxon eshon tushayotir. Qoʻlida qandaydir gazeta. Ammo yuzi odatdagidan koʻra tund koʻrinadi. Fermer uni birinchi bor shunday ahvolda koʻrishi edi.
Uy egasining “Keling-e, oshna. Allaqaytib bir yoʻqlay debsiz-da” degan mulozamatlaridan ham uning chehrasi yorishmadi.
-Tinchlikmi, oshna? Kayfiyatingiz ancha sayoz koʻrinadi?
-Tinchlik emasda, oshna.
-Nega endi.
-Buni yozuvchi ulingiz Soatmoʻmindan soʻrang. U meni sharmanda qildi, yuruvsiz qildi. Hali gazetadagi manovi felyetonni oʻqimagan koʻrinasiz.
Xolboy fermer ming bir xavotirda gazetani qoʻlga oldi. Salkam yarim sahifalik joyda oʻqlovday boʻlib, “Beega bozor” degan yozuv turardi.
Voqeani fahmlagan fermer baland ovozda hovliga qarab baqirdi.
-Shoir, ho shoir, deyman.
Koʻzini uqalay - uqalay uyqudan turib kelgan oʻgʻliga qarab baqira ketdi.
-Bu nima qiliq? Loʻlidan ham yomon boʻpsan-ku. Chunki ular oʻz guzarlariga sira-sira tosh otishmaydi.
-Boʻlmasa ishlasinlarda. Mol bozori bir yomon ahvolda. Joy yetishmaydi. Taroziga odamlar talash. Bundan ham yomoni mol bozorida chek berilmaydi. Haliyam rais bobomni sizga oshna ekanligini oʻyladim. Boʻlmasa…
Xolboy fermer tutaqib ketdi:
-Ket, nari ket, deyapman. Nima balo, sen oʻzi esingni yeb qoʻydingmi? Bugundan boshlab shoir-poirligingni yigʻishtirasan. Unday zoʻr boʻlsang, mening dalamga chiqib oʻt yul, ketmon chop.
BIR OCHERK SHUHRATI
Shundan soʻng u bir umr traktor haydab, besh olti yildan beri fermerlik nonini yeb kelayotgan otasining gaplarida bir hikmat sezdi. Yaxshilarni yozadigan boʻldi. Denov tumanidagi 1-maktab va uning fidoyi direktori Xosiyat Qorayeva haqida eshitdiyu, oromini yoʻqotdi. 2004-yilning mart oyida uni izlab Yurchi qoʻrgʻoniga bordi. Maktab hovlisigi kirishi bilan hayajonlar bagʻrida qoldi. Ana maktab, ana maktab hovlisi. Tashqari tugul, ichkarida ham rango rang gullar, ular bahordagidek barq urib yotibdi. Katta-katta derazalarda gul. Yoʻlaklarda gul, yana desangiz, yoʻlaklarga shunday gulday gilamlar toʻshalganki, ular goʻyo chiroyli boʻlib ochilib yotgan gullarga bahs qilganday. Ishonsangiz, ularni hozir toʻshalganday deysiz. Shu oʻzi maktabmi, shu yerlarga ham odam kirib-chiqadimi oʻzi? Nahotki, mudir aytganday, shu maktabda 800dan oshiq bola oʻqiyotgani chin boʻlsa.
Kimdir uni eshik tepasiga “Direktor” deb yozib qoʻyilgan xonaga boshlab kirdi. Direktorni koʻrdiyu, hayratlari yana toʻfonladi. Nahotki, shu maskanga shu oddiygina dala ayoliga oʻxshagan ayol direktor boʻlsa. Baloga oʻxshaydi. Chindan ham baloga oʻxshaydi. U shu kuni kechgacha maktabda qolib ketdi. Sinflarga kirdi. Fan kabinetlarini kuzatdi. Barisi zoʻr, barisi hayratlanarli. Ayniqsa, 8-mart xalqaro xotin-qizlar bayramiga bagʻishlangan tantanada qatnashishi uning dilini boʻstonlantirib yubordi. Direktor yonida oʻtirib, oʻquvchilar oʻqigan chiroyli-chiroyli sheʼrlarni eshitarkan, koʻngli bahorlandi.
Taassurotlarining bari-barisini shundan soʻng u “Saidaga oʻxshatdim” ocherkiga toʻkdi.
Ocherkda muallif maktab direktorida Abdulla Qahhorning mashhur qissasi “Sinchalak”dagi Saidaga oʻxshash hayrat va fidoyiliklar topa olgandi. “Janub vaqti” viloyat gazetasida chiqqan bu ocherk yaqin orada eʼlon qilingan ocherklarning eng yaxshisi, badiiy pishiq va puxtasi deb baholandi. Iqtidorli muharrir Chori Jumaqulov muallifni shaxsan muharririyatga taklif etib, mukofot taqdim etdi.
KITOB TOʻYI
Soatmoʻminda yaxshi bir odat bor. Bu odat hali xanuz boʻlakcha boʻlib, 4 farzandli boʻlgan boʻlsa-da, davom etayotir. U ota-ona maslahatisiz biror ishga qoʻl urmaydi - haddi sigʻmaydi.
Shunda 2007-yilning oxiri boʻlib, u respublika gazetasi “Adolat”ning Surxondaryo viloyati boʻyicha muxbiri edi. U otasi oldida odob bilan oʻtirdi.
-Ota, agar yoʻq demasangiz toʻy qilaman, “Kitob toʻyi” qilaman.
Xolboy fermer oʻgʻliga hayron tikildi:
-Nima deding, shoir, kitob toʻyi deysanmi? Oʻgʻil toʻyi, qiz toʻyi, uy toʻyi, mashina toʻyi degan gaplarni eshitgandim. Ammo kitob toʻyi degan gapni eshitmabman.
-Bugun ustozim Joʻra Qodirov birinchi kitobi “Umr toʻfonlari”ga toʻy qildi. Zoʻr toʻy boʻldi. Termizdan mashina- mashina boʻlib, mehmonlar keldi. Ularning koʻpi shoir va jurnalistlar. Davrani shoir Shafoat Rahmatulla Termiziy boshqardi.
-Unday boʻlsa toʻy qil. havaslaringning zavqini sur.
Shunday qilib Soatmoʻmin Jumayev birinchi kitobi “Vaxshivor etaklarida”ga toʻy berdi. Toʻydan uning qurchi qondi. Viloyat gazetasining koʻp xodimlari mehmon boʻlib keldi. Ayniqsa, Toshkentdan taniqli shoir Salim Ashur, taniqli jurnalist Ikrom Boʻriboyevlarnig tashrif buyurishi uni behad shodlantirib yubordi.
OBODLANGAN KOʻNGILLAR
Bu voqeaga 10 yillarcha boʻlib qoldi. Shunda u tugʻilib oʻsgan aziz makoni moʻminqulliklarning koʻnglini koʻtarib, yana desangiz orzumand bir yurakning quvonchini osmon qadar boʻylatgan edi. Bu qanday boʻlgandi. Soatmoʻmin qayerdandir tushda uyga kelsa, onasi hamqishlogʻi Mohiya opa bilan qizgʻingina suhbatlashib oʻtiribdi. Tush harorati baland boʻlgani bois, yuz-qoʻlini yuvish niyatida shoxlari tarvaqaylab ketgan ulkan yongʻoq daraxti tagidagi ariq boʻyiga oʻtdi.
Shunda onasi Qambar opa bilan Mohiya opaning suhbati beixtiyor uning qulogʻiga chalindi.
-Toʻy qachon? Kam-koʻstlarni gʻamlab boʻldilaringizmi? - soʻradi Qambar opa.
-Gʻamladik opa, gʻamladik. Ammo nima besam ekan. Bu dunyo hamisha orzuli, havasmand dunyo ekan. Rostini aytsam, nomdorroq bir artistni toʻyga taklif qilish niyatida edik.
Bu gurungdan Soatmoʻminallanechuk hayajonlanib ketdi. Yuz-qoʻlini yelkasidagi sochiqqa arta-arta supaga yaqinlashdi.
-Avvalo gurunglaringizga quloq tutganim uchun uzr. Men buni atay qilganim yoʻq. Qisqasi, toʻy bir katta sanʼatkorga qarab turgan boʻlsa, u yogʻini oʻylamangizlar. Men faqat toʻy kunini bilsam boʻldi. Sanʼatkor xarajati ham oʻz hisobimdan boʻladi.
Eh, shunda toʻy qilarmon ayolning quvonganlari… Quvonchdan yuz-koʻzlari yangi ochilgan gulday edi.
Qisqasi, tezda toʻy kuni belgilandi. Soatmoʻmin soʻzida turdi. Toʻyga yirik sanʼatkor, oʻz sozi, oʻz ovoziga ega boʻlgan xushovoz xonanda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Toshpoʻlat Matkarimovni Toshkentdan olib keldi. Shunda toʻy egsi Juma Oʻtaganovning kattagina hovlisi qoʻshni qishloqlardan kelgan odamlarga torlik qilib qoldi. Sevimli xonanda joʻshib kuylayotganda toʻy egalari Juma Oʻtaganov va Mohiya Jumayevalar quvonchdan oʻyinga tushib ketdi. Ularga hamqishloqlari qoʻshildi. Xonandaning latofatga toʻla ovozi uzoq-uzoqlardan-da taralardi:
Oq tulporim bor edi,
Beklar unga zor edi.
Ot demasman, u menga
Ham doʻst, ham yor edi.
DUO ZIYNATI
Oʻtgan yilning oxirgi kuni edi. Hamma xonadonlar Yangi yil bayrmi hayajoni nafasida edi.
Ertalab u kutilmaganda ustozi Joʻra Qodirovning uyiga kirib keldi.
Qizgʻin salom-alikdan soʻng dedi:
-Ustoz, kiyining, ish bor.
Hamisha yaxshi ishlar tashvishida yuradigan Soatmoʻmin yana bir xayrli yumush hayajonida edi.
-Tinchlikmi? Topishmoqlamay dangal aytaversangchi,-dedi ustoz.
-Tinchlik. Bayram munosabati bilan mahalladagi besh olti xonadonga kirib chiqsak, hamroh boʻlsangiz. Qariyalardan, kasalmand hamqishloqlarimizdan bir ahvollashsak degan fikrda edim. Shu munosabat bilan ozroq- ozroqqinadan sovgʻa-salom ham bersak.
-Zoʻr gap. Aqlingdan aylanay, - dedi ustozi quvonganidan. - Dunyoning ziynati, obodligi savobda, savob ishda.
Ular eng avval 92 yoshli Poʻlat Shaymanovning uy eshigini ochishdi. Poʻlat bobo Shaymanovning duolari juda- juda yoqimli boʻldi.
Soʻng koʻp yillardan beri ogʻir xastalik tufayli toʻshaklanib qolgan yigit Hasan Ibragimovning hovlisiga roʻpara boʻlishdi. Bir quti sovgʻa salom olgan yigit keksalarday maʼnodor-maʼnodor duoga qoʻl koʻtardi:
-Ukam, bolalar olib kelgan gazetalardan oʻqib, sendan magʻrurlanib yotaman. Toshkentday joyda koʻp ishlarda ishlading. “Turkiston” gazetasida xodim boʻlding, “Sogʻlom avlod” gazetasida muxbirlik qilding. Adashmasam, 2011-2013-yillari “Hurriyat” gazetasining oʻz muxbiri boʻlding. Soʻng “Huquq dunyosi” gazetasini boshqarding. Hozir 2017-yildan beri “Huquq press” va “Taraqqiyot va strategiya” gazetasiga kattalik qilayapsan. Omon boʻl. Bundan-da katta-katta ishlarda ishlagin. Olloh seni hamisha siylayversin..
SAYLOVCHILAR QUVONCHI
34 yoshli yigitning el-yurtda yuksak obroʻ-eʼtibor toʻplayotganiga shaxsan mening chin dildan havasim keladi. Oʻtgan yilgi saylovda xalq deputatlari Oltinsoy tuman kengashi deputatligiga 19-Moʻminqul saylov okrugidan nomzodini qoʻydi.
Bu xabarni eshitgan otasi Xolboy Jumayevning yana paytavasiga qurt tushganday boʻldi. Tezlik bilan oʻgʻlini huzuriga chaqirtirdi.
-Nega buncha beoʻylov, oʻzboshimcha boʻlib ketapsan-a? Yo ozroq obroʻ-eʼtiboring ham koʻplik qilayaptimi? Shu okrugdan sendan boshqa nomzodini qoʻyganlar bilan hazillashma. Ularning hammasi puldor, mansabdor, ogʻayindor odamlar. Tagʻin eng yoshi sensan shularning ichida. Qoʻrqmadingmi?
-Ota, - dedi Soatmoʻmin hamishagidek odob bilan.-Bilaman, ularning hammasi zoʻr. Uzr, buni men Sizdan ilk bor soʻramadim. Bu mening hayotdagi birinchi aybim, chunki rozilik bermasdingiz. Ularning hammasi dadil odamlar. Men ham bir omadimni sinab koʻrib, oʻzimni taroziga solsam, nima qilipti. Birovi hokimga muovin, birovi eshon boʻlsa, oʻz yoʻliga.
Xullas saylov zoʻr oʻtdi. Yosh yigitning eldoshlariga ishonganicha bor ekan. Boshqa nomzodlarga qaraganda ikki uch hissa ovoz olib gʻolib boʻldi. El dardi, yurt tashvishi bilan yashayotgan yosh deputat shitob bilan ishga kirishdi.
19-saylov okrugi hududida 1200dan oshiq oila bor. Deputat Soatmoʻmin Jumayev oʻtgan yarim yillikda 20-marta saylovchilar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvlarda saylovchilar tomonidan bildirilgan muammolarni bartaraf etish yoʻlida barcha chora-tadbirlarni belgilab oldi. Dastlab u Moʻminqul, Obshir mahallalaridan 100 nafardan oshiq fuqarolarga kredit olishda koʻmaklashdi. 20 turdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlarini bepul tarqatilishiga bosh -qosh boʻldi. Obshir mahallasida 3 kilometr yoʻl toshlandi. Qabrisonga olib boriladigan yoʻlni taʼmirlashga esa 36 mashina shagʻal tosh ishlatilgach, ravon yoʻlga aylandi. Deputat tashabbusi bilan 40 nafar keksalar Termiz shahriga sayohatga olib borildi. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash maqsadida 150 xonadonga 43 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
19-Moʻminqul saylov okrugidagi aholi bugun deputatdan mamnun. Ular quvonchini yashirolmay, biz saylovda kimga ovoz berishni endi oʻrgandik, deyishmoqda.
MARDONA EʼTIROF
Saylovning ertasi edi. Kutilmaganda ularning uyiga choshgoh chogʻi Soliya Ortiqova kirib keldi. Koʻpdan koʻpquvonchlarga oʻrganib qolgan, taltayib ketmaydigan Soatmoʻminda muvaffaqiyat harorati deyarli sezilmas, hamishagidek edi. Bundan tuman hokimining xotin-qizlar boʻyicha oʻrinbosari Soliya Ortiqovaning hayrati oshdi. Bu hayratini esa oʻgʻli tengi yigitdan yashirolmadi.
- Qoyil-ye, chindan ham qoyil! Hech narsa koʻrmagandaysan-a? Sening oʻrningda tumanning uch dovruqli dongdor odamini saylovda dogʻda qoldirib, gʻoliblik shohsupasiga bemalolgina koʻtarilib olgan odam shunday paytlar uyida toʻy qilib yotgan boʻlarmidi. Saylovda men tugul shu atrofda dongdor boʻlgan eshonga ham oʻxshatib chil berding-a? Qaxramonlik qilib tan olay: men ozroq uyalganday, nam tortganday boʻldim. Chunki oz emas, koʻp emas mendan qariyib uch hissa koʻp ovoz olding-a! Tabriklayman, chin dildan tabriklayman.
- Ustoz, shunday boʻlibdi. Oʻzim Toshkentda edim. Haligina keldim. Eshitib toʻgʻrisi quvondim.
Soatmoʻminning eshigiga koʻngliday hamisha ochiq, hamma bemalol kirib kelaveradi.
- Bu nima turish, domla. Ichkariga kiring,issiqqina.
Tuman hokimi oʻrinbosarining shu tobda maktabda matematikadan dars bergan sobiq oʻquvchisi bilan suhbatlashish ishtiyoqi bor edi. Odati boʻyicha uy sohibi, kamtarlik bilan kulimsirab jimgina oʻtirar, mehmon esa chiroyi ochilibgina gurung berar edi:
- Oʻzi shunday yigit boʻlishingni, oʻqituvchilik yillarimdayoq payqardim. Sinflaringda tashabbuskor eding,qayerdagi yoʻq narsalarni boshlab, qoʻzgʻab turarding. Bugunga kelib ular qizgʻin, moʻl-koʻl hosil berayapti. Respublikada ham gazeta, ham jurnal chiqarish osonmas. Eng muhimi shu jurnal gazeta orqaliel-yurtgajuda katta nafing tegayotir.
- Rahmat domla, rahmat.
- Oʻtgan yilgi tumandagi bir yigʻilishdan rosa quvondim. Buni oʻzingga ham aytgandim, shekilli. Gazetangda - “Taraqqiyot va strategiya”da tumanimiz halq taʼlimi boʻlimi mudiri Oʻtkir Qurbonovni “Oydan tushgan mudir” deya joyidan turmas qilib qoʻyding. Shu maqolaniviloyatimizning sobiq hokimi Erkinjon Turdimov tumanimizdagi katta bir yigʻilishda mudirga pesh qilib;
- Sizning aftu basharangizni shu maqoladan anglab oldim. Ishni tuzatsangiz tuzatasiz, boʻlmasa siz bilan xayrlashishga toʻgʻri keladi, - dedi.
- Domla shu maqoladan keyin Erkinjon aka Turdimov meni yoʻqladi, xatto tabrikladi. Gazetangizni shunday maqolalar bilan bezatavering, dedi.
Soatmoʻminning sevikli umr yoʻldoshi Nigora Turdiyeva choy keltirib, shiringina dasturxon tuzadi. Shiringina suhbat esa davom etdi.
- Soat, Soatjon,-deya mehrlanib davom etdi hokim oʻrinbosari. – Yuraging katta, qoʻrqmas jasur jurnalistsan. Buning ilk alangalarini oʻquvchilik yillaringda,xoov oʻsha “Bozorning egasi bormi?” felyetoningdayoq sezganman. Shu feʼlinga sodiq qolib, koʻpdan-koʻp matonatli ishlarni qilding, qilayapsan. Shu saylovda hatto oʻzimizning tuman hokimimizni ham ayab oʻtirmading. Viloyat saylov komissiyasining raisi bilan oʻzaro kelishib, jinoyatga yaqin ishlarini gazetangda urding- yuzing-koʻzing demading. Bilasanmi, shunda men qoʻrqib ketganman. Chunki men hali shu yoshimgacha bunday qaxshatgich maqolani, amaldorlarni saylovni oʻz manfaatiga qaratib oyoq tepki qilishiga intilganlarini hech joyda oʻqiganim yoʻq. Hatto hayolimga ham keltira olmayman. Soat, shersan, chindan ham zoʻr sher. Jurnalistlarning sheri.
Uy sohibi hamon hayajon bilan jim oʻtirar, ammo bu hayajon uning chiroyli yuziga qizgʻin qizillik baxsh etgandi.
* * *
…Kechqurun ishdan qaytayotgan Soatmoʻmin Jumayev radio murvatini buradi. Undan joʻshqin nafosatga toʻla otashin sheʼr taralardi:
Yoʻq, kerakmas, qoʻying, kerakmas,
Menga orom istamang,doʻstlar.
Xilvat soz, deb qistamang doʻstlar.
Qoʻying, bunday orom kerakmas,
Nogahonda xayolga botsam,
Yo uxlasam, uygʻoting darrov.
Behudaga bir yoqqa borsam,
Qoʻllarimdan ushlab oʻshal dam,
Kurashlarning safiga qoʻshing,
Qur, yarat, deng,
Hayqr deng,
Joʻsh deng,
Shunday yashar odatda odam.
U sheʼr zavqidan mayin, oromligina jilmayardi.