Shuhrat Oripov keksa jurnalistlar xonadonida bo‘ldi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov Surxondaryo viloyatida bo‘lib, uzoq yillar ommaviy axborot vositalarida mehnat qilib, nafaqaga chiqqan faxriy jurnalistlar xonadonlarida bo‘ldi.
Uyushma rahbari dastlab Termiz shahrida yashaydigan, hayotining eng kuchga to‘lgan yillarini viloyat “Surxon tongi” gazetasida o‘tkazgan va mustaqillik yillari “Xalq yo‘li” gazetasida ishlagan nafaqadagi Yoqubjon Norboyevdan hol-ahvol so‘radi. Keksa jurnalist gazetaga ishga kelgan yillari, mehnat faoliyati va ommaviy axborot vositalari xodimlarining yaqin o‘tmishdagi mashaqqatli mehnati haqida so‘zlab berdi. Hozirgi davrda yaratilgan zamonaviy sharoitlar faxriy jurnalistda o‘zgacha havas uyg‘otayotganini faxr bilan tilga oldi.


Shuhrat Oripov ko‘p yillar viloyat teleradiosi va “Surxon tongi” gazetasida ishlagan Tojigul Davronova xonadonidagi suhbat ham qiziqarli xotiralarga boy bo‘ldi. Faxriy jurnalistlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Kutilmaganda poytaxtdan mehmon kutgan mehnat faxriylari uyushma rahbariga keksa jurnalistlardan xabar olib, xonadonlarida bo‘lgani va izzat-ikrom ko‘rsatib, bir olam quvonch ulashgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri