Shonli gʻalaba yoshlar nigohida...
Ijodiy ishlarni befarq, beparvo tomosha qilish mumkin emas.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi taʼlim muassasalari oʻqituvchi va oʻquvchilari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab eng yaxshi videoroliklar turkumini tayyorladi.
“Biz hamisha urush faxriylaridan qarzdormiz!” shiori ostida oʻtkazilgan onlayn loyiha doirasida kelib tushgan eng yaxshi ijod mahsullari Badiiy akademiya sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilinmoqda.
Ijodiy ishlarni befarq, beparvo tomosha qilish mumkin emas. Ular tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetishga chorlashi bilan ahamiyatlidir.
Jumladan, Surxondaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatining oʻquvchisi Shahzoda Jumayeva tayyorlagan lavha Gʻalabaga xalqimizning qoʻshgan hissasiga oid yorqin tasvirlarga boy. Xorazm ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati oʻquvchisi Gulasal Allaberganova urushda qatnashgan katta bobosining rasmini tutganicha sheʼr oʻqimoqda. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari Alina Stilidu va Gʻiyosjon Nizomovning birgalikdagi ijodiy ishi urushning naqadar ogʻir va ayanchli oqibatlaridan soʻzlaydi.
Bu kabi ijodiy loyihalar yoshlarning hayotiy pozitsiyasi, vatanparvarligi, masʼuliyati, burchini teran anglashini ham namoyish etadi.