Shoir qanotiga o‘t ketgan qushdir
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kengesboy Karimovning «Og‘abiy» romani, taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonning «Odamlardan tinglab hikoya», O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shodmonqul Salomning «She’r sayyorasi» nomli kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi.
«Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kengesboy Karimovning tarixiy mavzudagi «Og‘abiy» roman-dialogiyasi 2013 yil Nukusdagi «Bilim» nashriyotida chop etilgan. Asar asosan ikki kitobdan iborat bo‘lib, birinchi kitob – «Ko‘ch»ni o‘tgan yillar davomida Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon qoraqalpoq tilidan o‘zbek tiliga o‘girgan. Roman dastlab 2015-2016 yillarda «Sharq yulduzi» jurnalining 4 ta sonida bosildi. 2020 yilda esa G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan kitob holida 2000 nusxada nashr etildi.
Qoraqalpoq xalqining sardorlari Edegiy, Oydo‘stbiy, Mamanbiy, Ernazarbiy haqidagi asarlarni o‘zbek o‘quvchilari yaxshi bilishadi. Biroq shu paytgacha Orolbo‘yida yashayotgan matonatli xalqning yana bir jasur yo‘lboshchisi Og‘abiy haqida biron asar bitilmagan edi.

Birinchi kitob «Ko‘ch», ikkinchi kitob «Ota yurt» deb nomlanadi. Bosh qahramonlardan biri – Erejeb Qulchi biy o‘g‘li Og‘abiy tarixiy shaxs bo‘lib, u o‘z yurtdoshlari tinchligiyu farovonligi va baxtu saodati uchun donolik, botirlik va jasorat bilan kurash olib borgan. Ikki kitobdan iborat yirik asar kompozitsiyasi Og‘abiy hayoti va taqdiriga oid voqealar va badiiy tasvirlar atrofida umumlashgan.
«Ko‘ch» romanida Erejebning otasi Qulchi biy yo‘lboshchiligidagi katta bir ko‘chning Qizilqum sahrolari bo‘ylab Buxorodan Chimboyga ko‘chishi azoblari va shodliklari, qayg‘uli voqealari va qiziqarli sarguzashtlari, qahramonlarning sevgi va hijron iztiroblari, o‘y-xayollari, orzu-umidlari, shu bilan birgalikda qoraqalpoq xalqining milliy qadriyatlari, urf-odatlari, cho‘l tabiatining go‘zal va betakror manzaralari, o‘simlik va hayvonot dunyosi rang-barang badiiy bo‘yoqlarda tasvirlanadi. Ayniqsa, hayoti uchqur tulporlar bilan yanada zavqli va farovon bo‘lgan xalqning otga mehri, sayislar va chavandozlarning turmush tarzi, otni boqish, parvarish qilish, poygaga tayyorlash lavhalari romanda nihoyatda jonli va hayotiy tasvirlangani o‘quvchining diqqatini ohanrabodek jalb etadi.
Hassos shoir Hamid Olimjonning «Odamlardan tinglab hikoya,
O‘sar edi shoirda g‘oya» degan mashhur satrlari o‘tgan asar avlodlariga yod bo‘lib ketgan desak mubolag‘a emas.
Taniqli adib Xayriddin Sultonning «Odamlardan tinglab hikoya» kitobi o‘ttiz bitta yangi hikoyadan iborat. Kitob O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining «Adabiyot» nashriyotida yangi «Nasr gulshani» ruknida ilk kitob sifatida 5000 nusxada chop etildi.
To‘plamga kiritilgan hayotnomalarni muallif to‘qib chiqargan emas, u faqat odamlardan eshitgan va bor holida qog‘ozga tushirgan, xolos. Har bir qahramon taqdirida shundoq yonimizda yashayotgan turli insonlarning tarixi va qismati, baxtiyu baxtsizligi, quvonch va qayg‘usi o‘zining badiiy ifodasini topgan.

Kitobning «Odamlardan tinglab hikoya» deb nomlanishi zukko o‘quvchining fikru zikrini o‘ziga tortadi va so‘z zahmatkashi bo‘lmish donishmand adibning maqsad-muddaosini savqi tabiiy ravishda yurak-yurakdan his eta boshlaydi.
Kitob so‘zboshisi muallifi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid shunday yozadi:
«Ilk taassurot shulki, kitobga nozik did va mahorat bilan tartib berilgan. Oddiy o‘quvchi sifatida ilg‘aganimiz – masalan, to‘plamdagi birinchi asar – «Omad» hikoyasi «Bismillohir rahmonir rahim» degan tabarruk kalom bilan boshlanadi va u go‘yoki butun kitobning mazmun-mundarijasini belgilab beradi. So‘nggi, «Maktub» deb atalgan, kuygan ko‘ngil faryodi kabi yangraydigan asar esa Yaratganga munojot bilan tugallanadi. O‘ttiz bitta hikoyada bir-birini takrorlamaydigan, bir-biriga o‘xshamaydigan yorqin xarakterlar, qahramonlarning ichki dunyosi, qalb tug‘yonlari ularning bevosita o‘z tili, o‘z nutqi orqali ochib beriladi. Bu esa yozuvchining bir qarashda juda oddiy, sodda bo‘lib tuyuladigan, ammo aslida nihoyatda murakkab bir ijodiy uslubni tanlab ish ko‘rganidan dalolat beradi».