“Shifo”ga muhtoj shifoxona
Jizzax shahrining “Ittifoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 4-sonli oilaviy poliklinika ayni chog‘da ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.
Mazkur bino 1980 yillarning boshida qurilgan. Ma’lum vaqt o‘tib, bu yerga shahar 4-sonli oilaviy poliklinikasi ko‘chirib kelingan va qariyb 40 yildan buyon tibbiy muassasa shahardagi Ittifoq, Qaliya, Nurliobod, Yoshlik, Bunyodkor va Do‘stlik mahallalarida istiqomat qiluvchi 40 mingga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Poliklinika binosining tashqarisini ham, ichkarisini ham allaqachon kapital ta’mirdan chiqarish lozimligi u yerga borgan har qanday kishiga oynadek ravshan. Lekin bu holatni nima uchundir Jizzax shahar mutasaddi rahbarlari ko‘rishmayapti?
Muassasada bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun joy yetishmaydi. Muolaja xonalarida qo‘l yuvish uchun o‘rnatilgan jumraklardan qachon oxirgi marta suv oqqanini hech kim eslay olmaydi. Toza suvning kelishi, oqova suvning chiqib ketishi bilan bog‘liq muammo deyarli barcha xonalarda mavjudligi yanada achinarli.
Shifoxona binosining shundoqqina yonidan markaziy kanalizatsiya tarmog‘i o‘tgan, lekin unga ulanish to‘g‘risida na poliknilika, na Jizzax shahar sog‘liqni saqlash bo‘limidagi mutasaddilar o‘ylashmayapti?!
[gallery-21134]
Ustiga-ustak muolaja uchun zarur bo‘lgan tibbiy jihozlar yetishmaydi, mavjudlari ham allaqachon ma’nan eskirib, muddatini o‘tab bo‘lgan. Bu muammolar tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini pasaytirib yubormoqda.
Poliklinikadagi kunduzgi statsionar xonasiga davolanish uchun kelgan ayol va erkak bemorlar parda orqali ikkiga bo‘lingan “xonalar”da muolaja olishga majbur. Joy yetishmasligidan hatto EKG apparati ham shu yerga o‘rnatilgan.
Respublikamizdagi deyarli barcha yo‘nalishlar singari sog‘liqni saqlash sohasi ham raqamlashtirish tizimiga o‘tayotganligiga qaramay, ushbu poliklinikada ish “yarim raqamlashtirish” tizimida olib borilayotgan ko‘rinadi. Chunki shifoxona zamonaviy kompyuter uskunalari bilan to‘liq ta’minlanmagan.
Ushbu muassasada ham kadrlar yetishmovchiligi muammosi mavjud. Ayni paytda muassasada 5 nafar oilaviy vrach yetishmayapti.
Poliklinika mas’ullarining aytishicha, 2017 yildan buyon 4-sonli oilaviy poliklinika shahardagi boshqa zamonaviy binoga ko‘chirilishi haqida gap boradi. Ammo mana 2025 yil ham kirib keldi...
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari