She’riyat muxlislari uchun tuhfa...
O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva hali uchinchi sinfda o‘qib yurgan qizaloq chog‘idayoq atoqli shoiralar huzurida she’r o‘qib, ularning tahsin va olqishlariga sazovor bo‘lgan.
Nafis so‘z olamidagi yo‘li ana shu tarzda, ajabtovur bir holda boshlangan. Ustoz shoiraning «Shabnam» deb nomlangan ilk she’rlar to‘plami 1970 yilda chop etilgan. Mana, ellik yildan ortiqroq vaqtki, ijodkorning she’rlari o‘zbek she’riyati chamanzorini yanada yashnatib, yanada rangin, yanada iforli etib kelayotganiga guvoh bo‘layapmiz.
Oradan shuncha yillar o‘tganiga qaramay, uning she’rlarida ko‘klam tongining shabnami titrab turgandek... Yangi nashr etilgan ushbu kitobga shoiraning she’r, doston, qasida, ustozlar yodi, badialar holida jamlandi.
She’riy to‘plam O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etildi. Kitobga mas’ul muharrirlar Ibrohim G‘afurov, G‘ayrat Majid. She’rlarni Farog‘at Xudoyqulova, Hosiyat Hakimova to‘plab, ko‘chirib nashrga tayyorladi. Shoiraning ijodi aks etgan mazkur to‘plam «Sharq» nashriyotida 1000 nusxada chop etildi.
O‘zA