“Shenchjen tarixi” Markaziy Osiyoda taqdim etildi
4-avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida “Ipak yo‘li do‘stlik elchilari”ning beshinchi tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Xitoy va Qirg‘izistondan 200 dan ortiq mehmon, shuningdek, Ipak yo‘lini barpo etish va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish yo‘lida faoliyat yuritayotgan turli mamlakatlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorlikning samaralari, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va madaniy-gumanitar muloqotni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Bu yilgi tadbirda ilk bor “Ipak yo‘li do‘st shaharlari” maxsus taqdimot bo‘limi tashkil etildi. Unda birinchi taklif etilgan shahar sifatida Shenchjen shahri tanlandi.
Taqdimot doirasida “Shenchjen tarixi” global shahar sivilizatsiyasi almashinuvi loyihasi namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilarni shu yil noyabr oyida Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (ATES)ning 33-norasmiy rahbarlar uchrashuvi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etishga taklif etildi.
Shenchjen shahar Kommunistik partiyasi (KPK) qo‘mitasi Targ‘ibot bo‘limi mudiri o‘rinbosari Szen Syanlay taqdimotda Shenchjen va Bishkek o‘rtasida birodarlashgan shaharlar munosabatlari o‘rnatilganiga o‘n yil to‘lganini qayd etdi. Shu davr mobaynida ikki shahar o‘rtasida turli sohalardagi aloqalar izchil rivojlanib, hamkorlikning mustahkam asosi shakllangan.
Shenchjen bugun xalqaro innovatsion markaz sifatida transport infratuzilmasi, ilmiy-texnologik taraqqiyot va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shaharning ko‘p tarmoqli transport tizimi Ipak yo‘li bo‘ylab o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qilsa, ilmiy-texnologik innovatsiyalar va gumanitar almashinuvlar mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga zamin yaratmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Shenchjenda ATESning 33-norasmiy rahbarlar uchrashuvining o‘tkazilishi shaharning xalqaro muloqot va hamkorlik maydoni sifatidagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etadi.
Tadbirda Shenzhen TV telekanali “Zhi Xinwen” dasturi muxbiri Syun Syun Shenchjen va Qirg‘izistonning mushtarak taraqqiyot yo‘lini uchta surat orqali namoyish etdi.

Ularda Xalqaro savdo kompaniyasi binosidagi minorali kran, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yuk poyezdi hamda Inge robotlashtirilgan raqsining baraban sadolari aks etgan. Mazkur lavhalar orqali qurilish va taraqqiyot, ochiqlik va o‘zaro bog‘liqlik, madaniyatlar almashinuvi va o‘zaro boyish jarayonlari ifodalandi.
Tadbirda Qirg‘iziston madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Salqin Sarnogoyeva Markaziy Osiyoda “Shenchjen tarixi” global shahar sivilizatsiyasi almashinuvi loyihasining taqdim etilishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Xitoy va Qirg‘iziston o‘rtasida qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgani, Shenchjen tajribasi bilan tanishish esa Qirg‘iziston uchun shaharsozlik, innovatsiyalar va iqtisodiy rivojlanish sohalarida yangi imkoniyatlarni o‘rganishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir davomida “Ipak yo‘li do‘stlik elchilari”ning 10 guruhi o‘z faoliyati va Ipak yo‘li bilan bog‘liq hayotiy hikoyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Xitoyda Qirg‘izistonning sobiq elchisi Kanayim Baqtig‘ulova “Ipak yo‘li do‘stlik elchisi” unvoniga sazovor bo‘lganidan minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishini bildirdi.
Shenchjenlik “Ipak yo‘li do‘stlik elchilari” – China State Construction Steel Engineering kompaniyasi vakili Syun Sinsin hamda Alakapan Sivakamar o‘z kasbi va faoliyati orqali turli hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, masofalarni yaqinlashtirish va hamkorlik loyihalarini amalga oshirish tajribalari haqida so‘z yuritdi.
Shenzhen Energy Group kompaniyasi jamoaviy “Ipak yo‘li do‘stlik elchisi” sifatida yashil taraqqiyot, hamkorlik va o‘zaro manfaat tamoyillariga asoslangan rivojlanish tajribasini taqdim etdi.
Tadbirning madaniy dasturidan Xitoy va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik namunalari ham o‘rin oldi. Jumladan, Shenchjenning nomoddiy madaniy merosga asoslangan “Szyansyu” moda brendi qirg‘izistonlik dizaynerlar bilan hamkorlikda “Ipak yo‘lining bulutli liboslari” nomli xitoy-qirg‘iz liboslari namoyishini o‘tkazdi.

Shuningdek, tadbir maydonida Shenchjenning texnologiya va madaniyat ko‘rgazma hududi tashkil etildi. Unda ekzoskelet robotlari, bionik harakatchan qo‘llar kabi 20 dan ortiq ilg‘or ilmiy-texnologik mahsulot namoyish qilindi.
Ko‘rgazmada “Vin Chun” mavzusidagi illyustratsiyali kitob ham mehmonlar e’tiboriga havola etildi.
“Ipak yo‘li do‘stlik elchilari” tantanali tadbiri Xitoy xalqaro madaniy almashinuv markazi, “Jenmin jibao” gazetasi va “Global People” jurnali tahririyati tomonidan hamkorlikda tashkil etiladigan xalqaro madaniy-almashinuv tadbiri hisoblanadi.
Mazkur tadbir 2020-yildan buyon to‘rt marta o‘tkazilib, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi muhim xalqaro madaniy muloqot maydonlaridan biriga aylangan.
Bu yilgi tadbir uning tarixida yangi bosqichni boshladi. Ilk bor tadbir Shenchjen shahar KPK qo‘mitasi Targ‘ibot bo‘limi hamkorligida, Shinjon xalqaro iqtisodiy va madaniy rivojlanish markazi hamda Shenchjen radio, kino va televideniye guruhi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbir doirasida bildirilgan takliflar va namoyish etilgan loyihalar Xitoyning Shenchjen shahri, Qirg‘iziston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy, texnologik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini ko‘rsatdi.
Nilufar Bozorova, O‘zA