Shaxsiy manfaat jinoyatga yetakladi
Yer – davlatning strategik resurslaridan biri. Uni qonun doirasida, ochiq va shaffof tarzda tasarruf etish esa barcha uchun birdek talabdir. Biroq ayrim shaxslarning shaxsiy manfaat orttirish ilinjida xizmat mavqei va tanish-bilishlaridan foydalanishga urinishi korrupsiya holatlarni keltirib chiqarmoqda.
DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida ana shunday holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Bo‘ka tumanidagi 139 gektar yer maydonini 3 ta lotga ajratib, auksion platformasiga kiritish, keyin esa tuman hokimligidagi mansabdor tanishlari orqali mazkur lotlarni yutib olish va fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishga ko‘maklashish evaziga 6 ming AQSH dollari talab qilingan.
Tezkor tadbirda ushbu mablag‘ning 3 ming AQSH dollarini olgan Bo‘ka tumanida yashovchi 1969-yilda tug‘ilgan fuqaro T.X. ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ta’kidlash lozimki, davlat mulki va yer resurslaridan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishga, tanish-bilishchilik va noqonuniy kelishuvlarga urinish qonun oldida javobgarlikka sabab bo‘ladi.
A.Musayev, O‘zA