Shaxmatga panja orasidan boqmang
Mamlakatimizda shaxmatni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual va madaniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yoshlarni saralash va ularni professional shaxmatchi va xalqaro grossmeysterlar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, trenerlar uchun munosib mehnat sharoitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, 2021 yil 14 yanvarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Shaxmatni yanada rivojlanish va ommalashtirish hamda shaxmatchilar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.

Bu ayniqsa, 2026 yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini berdi.
Bugungi kunda Namangan viloyati bo‘yicha sportning shaxmat turi bilan shug‘ullanuvchilar umumiy soni 1 ming 161 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan shaxmatni boshlang‘ich bepul, tez va oson o‘rgatishga qaratilgan “UzChess” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan videodarsliklar orqali bugungi kunda viloyatdagi 6 ming 675 nafardan ziyod hamyurtimiz aqliy salohiyatini toblamoqda.
Viloyatda sportning shaxmat turi bo‘yicha jami 20 ta klub tashkil etilgan bo‘lib, ular Namangan shahridagi Yoshlar markazi binosida, hududlardagi umumta’lim maktablari hamda sport maktablarida faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu klublarda birinchi toifali 16, ikkinchi toifali 25, uchinchi toifali 30 nafar sportchi shug‘ullanmoqda. Ularga 21 nafar murabbiy (shu jumladan 11 nafari ayol) ustozlik qilib kelmoqda.

Viloyatda “FIDE” toifasidagi Jahongir Rahimov, Orifjon Zokirov, Hoshimjon Ergashev, Shuhrat Mahmudov, Shuhrat Muhammadjonov, Ahadbek Yunusov kabi sport ustaligiga nomzodlar mavjud. Respublika chempionatida faxrli uchinchi o‘rinni egallagan Nigina Karimjonova esa shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston qizlar terma jamoasi tarkibiga kiritilgan.
Erishilgan natijalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, birgina o‘tgan 2023 yili para-shaxmat bo‘yicha o‘quvchilar o‘rtasida mamlakat chempionatida 15 ta medal (3 ta kumush va 12 ta bronza), joriy yilning o‘tgan davrida esa kattalar o‘rtasidagi birinchilikda uchta medal (ikkita oltin, bitta kumush) qo‘lga kiritildi.

Viloyatda shaxmatning asosiy manzilgohi hisoblangan Namangan shahar Yoshlar markazida faoliyat yuritib kelayotgan shaxmat klubi uchun mebel jihozlari, telefon, mini shtativ, shaxmat doskasi va shaxmat soatlari, vaucherlar olib berildi. O‘tgan yili muntazam ravishda haftaning har shanba kuni viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi tarafidan sovrin jamg‘armasi 5 million so‘mga teng “Rokirovka” turnirlari o‘tkazilib, ularda 3 ming 345 nafar o‘g‘il-qiz qamrab olindi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchilar mukofot tariqasida jami 205 million so‘m miqdorida rag‘batlantirildi. Bundan tashqari, respublikamiz miqyosida besh bosqichda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” musobaqasida 11 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, viloyatda shaxmatning rivojini ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. “Aql-idrok” o‘yinini ommalashtirishga bevosita mas’ul sanalgan viloyat shaxmat federatsiyasi zamonaviy orgtexnika, internet aloqa tarmog‘i bilan ta’minlanmaganligi, moddiy texnika bazasiga ega emasligi, mas’ullar jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgani, doimiy ravishda federatsiya ish faoliyatini va musobaqalarni tashkillashtirish hamda o‘tkazish bo‘yicha menejerning mavjud emasligi soha rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari viloyat birinchiligi musobaqalarida ayrim hududlar vakillarining ishtirok etmasligining (masalan, Namangan shahri, Mingbuloq, Uchqo‘rg‘on va Yangi Namangan tumanlari) sababi, ulardagi sport maktablarida shaxmatga e’tibor sustligi, murabbiylarning yetishmasligi va sport klublarining moddiy-texnik ta’minoti achinarli holatdaligi. Buning oqibatida, musobaqalarda birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan shaxmatchilar respublika chempionatida quyi o‘rinlar bilan chegaralanib qolmoqda.
Binobarin, viloyatda to‘qqizta umumta’lim maktabi shaxmatga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, 2018 yilning o‘zidayoq xalqaro standartlarga javob beradigan darajada jihozlangan edi. Namangan shahridagi 48-, Namangan tumanidagi 19-, Pop tumanidagi 32-, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 39-, Uychi tumanidagi 6-, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 12-, Chortoq tumanidagi 40-, Chust tumanidagi 49- va Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 57-sonli umumta’lim maktablari ana shular jumlasidandir. Natija esa...
– O‘tgan davr mobaynida ushbu ixtisoslashgan maktablarda shaxmat sport anjomlari qoniqarli holatda saqlanmagan, – deydi Namangan viloyati shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Mahkamboy Nurmatov. – Shaxmat va shaxmat soatlari bus-butunligi uchun mas’ul xodimlar bugungi kunda nafaqaga chiqib ketganligi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari tomonidan har yili inventarizatsiya o‘tkazilmasdan kelinishi sababli aksariyat maktablarda shaxmat donalari yo‘qotib yuborilgan yoki shaxmat soatlari buzilib qolgan. Shuningdek, ixtisoslashgan maktablarda shaxmat o‘ynashni bilmaydigan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari mas’ul etib tayinlangan.
O‘z yechimini kutayotgan ushbu dolzarb muammolar yaqinda bo‘lib o‘tgan Namangan viloyati shaxmat federatsiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishida federatsiyaning yangi raisi etib saylangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tomonidan tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Viloyatda shaxmat turini rivojlantirish, iqtidorli shaxmatchilarni tanlab olish, respublika va xalqaro musobaqalarda sportchilarning munosib ishtirokini ta’minlashga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Eng avvalo, viloyat shaxmat federatsiyasida muntazam tarzda ish faoliyatini va musobaqalarni tashkillashtirish yuzasidan haq to‘lanadigan menejer shtatini ochish zarurligi qayd qilindi. Viloyat sport hamda maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari bilan hamkorlikda shaxmatga ixtisoslashtirilgan maktablardagi sport inventarlarini xatlovdan o‘tkazish lozimligi uqtirildi.
Shaxmat bo‘yicha umumta’lim maktablari o‘qituvchilari va havaskorlar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazish hamda murabbiylikka iqtidori mavjud mutaxassislarni saralab olish, ularni malakasini oshirish – ishtirokchilar orasidan yetarli malakaga ega bo‘lganlarni saralash, ularga tegishli tartibda toifalar berib, murabbiylikka jalb etishda muhim o‘rin tutadi.
Viloyatida shaxmat sport turi bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar mavjud emasligini inobatga olib, Namangan davlat universiteti va Namangan pedagogika institutida sport fakulteti qoshida shaxmat yo‘nalishlarini ochish kelgusida o‘z samarasini berishi shubhasiz.
Qolaversa, sport maktablaridagi shaxmat murabbiylarini federatsiya orqali malakasini oshirish, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga viloyatdan a’zo bo‘lgan fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish borasida vazifalar belgilangani kelgusida viloyatda shaxmat sport turining rivojiga ijobiy ta’sir etishi muqarrar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri