Shaxmatchimiz Italiya turnirida g‘oliblikni tantana qildi
Italiyaning Linyano-Sabbyadoro shahrida o‘tkazilgan “5° Festival Bella Italia” xalqaro shaxmat festivalida o‘zbekistonlik grossmeyster Ortiq Nigmatov muvaffaqiyatga erishdi.
Klassik shaxmat formatida o‘tkazilgan festivalning “Master” guruhida mamlakatimiz sharafini mahoratli yoshlarimiz Ortiq Nigmatov, Abdumajid Botiraliyev, Sheralijon Ravshanov, Hasan va Husan Akromov himoya qildi.
9 ta turdan iborat bahslar yakunida 7,5 ochko jamg‘argan hamyurtimiz Ortiq Nigmatov “Master” guruhida g‘oliblikni tantana qildi.

Shaxmatchilarimizdan Hasan Akromov turnirda 5,5 ochko to‘plab o‘z reytingiga 132 ochko qo‘shishga muvaffaq bo‘ldi. Sheralijon Ravshanov ham 5,5 ochko jamg‘ardi va ko‘rsatkichini 72 ochkoga yaxshiladi.
Turnirning “Open A” guruhida o‘z omadini sinovdan o‘tkazgan Zafar Tolipov 7 turda 6,5 ochko bilan 1-o‘rinni, Husan Akromov esa 5,5 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA