Shaxmat: Jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanmoqda
Qozog‘istonning Ostona shahrida shaxmatning rapid va blits yo‘nalishi bo‘yicha jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etadigan mazkur chempionatda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen, jahon reytingida kuchlilar qatorida borayotgan Yan Nepomnyashiy, Kshishtof Duda singari 9 nafar shaxmatchi bilan «WR Chess Team» jamoasida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Mukofot jamg‘armasi 350 ming yevrodan iborat jahon chempionatida Tohir Vohidov sardorligidagi mahoratli shaxmatchilarimiz Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidovlar “ROYAL CHESS” jamoasi safida kurash olib boradi.

Musobaqada 39 ta jamoaning 350 nafar shaxmatchisi ishtirok etmoqda. Rapid yo‘nalishidagi musobaqalar 2-4 avgust, blits musobaqalari 5-6 avgust kunlari tashkil etiladi.
Bugun kun davomida dastlabki tur o‘yinlari o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA