Shaxmat: Hamdamova Osiyo chempionligiga, Abdusalimov esa sovrindorlikka da’vogar
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionatining ortda qolgan 8-tur o‘yinlaridan so‘ng ayollar guruhida 3 nafar shaxmatchi 6,5 ochko bilan g‘oliblikka da’vogarlik maqomiga ko‘tarildi.
Taassufli jihati, kecha o‘tkazilgan 8-tur musobaqasida hamyurtimiz Afruza Hamdamova qora donalarda hindistonlik Savitxa Shriga, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva ham qora donalarda xitoylik Muziyan Gaoga yutqazib qo‘yishi natijasida Hamdamova, Savitxa Shri va Muziyan Gao g‘oliblik yo‘lida bir xil imkoniyatga ega bo‘ldi.

Bugun, 6-iyun kuni qit’a chempionatining so‘nggi 9-turida Afruza Hamdamova oq donalarda aynan Imomqo‘ziyevani mag‘lub etgan Gao bilan to‘qnash keldi. Savitxa Shri qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan rossiyalik Anna Shuxman bilan kuch sinashadi.
Ko‘rinib turibdiki, iste’dodli shaxmatchimiz Hamdamova xitoylik raqibini mag‘lub etgan taqdirda Shuxman hech bo‘lmaganda Shri bilan durang qayd etishi lozim. Shundagina qit’a birinchiligida O‘zbekiston bayrog‘i yuksalib, madhiyamiz baralla yangrashi, Hamdamova 2027-yilgi Jahon kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi.

Chempionatning ochiq turnirida kuchlilar qatoridan o‘rin olishga intilgan hamyurtimiz Abdumalik Abdusalimov 8-turda qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida qatnashayotgan Jamsaran Sidipovga imkoniyatni boy bergan tarzda TOP-5 lik poygasidan deyarli chiqib ketdi.
Hozirda 5,5 ochko bilan 10-o‘rinni band etib turgan A.Abdusalimov bugun o‘tadigan 9-tur musobaqasida oq donalarda xitoylik Xiangyuu Xiga ro‘baro‘ keladi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat chempionatda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 5 nafar ochiq guruh vakillari hamda ayollar o‘rtasida 1 nafar ishtirokchi 2027-yilgi Jahon kubogi yo‘llanmasiga ega chiqadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA