Shavkat Rahmon: “Tanlangan asarlar”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Atoqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Shavkat Rahmonning “Tanlangan asarlar” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan shoirning “Rangin lahzalar” (1978), “Yurak qirralari” (1981), “Ochiq kunlar” (1984), “Gullayotgan tosh” (1985”, Uyg‘oq tog‘lar” (1986), “Hulvo” (1987), “Saylanma” (1997), “Abadiyat oralab” (2012) kabi kitoblaridagi o‘tlug‘ she’rlari, Federiko Garsia Lorka, Rafael Alberti, Yon Karayon, Nabi Xazri, O‘ljas Sulaymon, To‘qtag‘ul Sotilg‘an o‘g‘li singari jahon tanigan shoirlar ijodidan amalga oshirilgan tarjimalari, shuningdek, matbuotda e’lon qilingan suhbat-intervyulardan ayrimlari joy olgan. Yana bir jihati, o‘quvchi ushbu kitobda shoirning o‘tgan asrning oltmishinchi, yetmishinchi yillarida O‘sh viloyat gazetasida e’lon qilingan, lekin shu paytgacha to‘plamlariga kiritilmagan dastlab she’rlari bilan ham yuzma-yuz keladi.
Shavkat Rahmon ijodining eng sara namunalari bitta kitobda jam bo‘lgani g‘oyat quvonarli.
Bu kitob – o‘zlikni anglash haqida.
Bu kitob – Millat va Vatanni Ozod ko‘rish va bu yo‘lda olib borilajak shonli kurash haqida.
Bu kitob – yot urflar hayotimizga suqilib kirib qadriyatlarimizni parchalashga tayyor turganda jonimizga asqotadigan eng mustahkam himoya – qalqon.
Bu kitob – millatning mard o‘g‘lonlari ruhini charxlaydigan, kimligini doim esiga solib turguvchi “qo‘ng‘iroq”...
Bu kitobdan joy ollgan she’rlar yoshlarimizni Vatanni, uning odamlari, tuprog‘i, har bir giyohini sevishni, ardoqlashni o‘rgatadi.
Sahar turdim, quyoshni kutdim,
shudringlarda chaydim yuzimni.
Buloqlarga labimni tutdim
va borliqda ko‘rdim o‘zimni...
Ko‘zlarimdan toshdi shuurim,
to‘lib ketdi bag‘rimga navo.
Mangulikday tuyuldi umrim,
mangulikday tuyuldi dunyo...
Shoirning Vatan haqidagi ixcham ammo salmoqli ushbu she’riga ham e’tibor bering:
Joylashgansan shunchalar chuqur...
o‘z tubiga yashirgan yurak.
Senga yetib bormaklik uchun
uzun umrim yetmasa kerak.
Shavkat Rahmonning “Tanlangan asarlar”ini, albatta, o‘qing. Ushbu nodir kitob bilan kutubxonangizni boyiting.
A.Narzulloyev,
O‘zA