Sharq yakkakurashlari va jang san’atlari festivali
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida X sharq yakkakurashlari va jang san’atlari respublika festivali bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida X sharq yakkakurashlari va jang san’atlari respublika festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda Sharq yakkakurashlari va jang san’atlari markazi tomonidan tashkil etildi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sportni yanada rivojlantirishga ulkan e’tibor qaratilayotir. Buning samarasida sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarga erishmoqda.
2014-yilda sportchilarimiz jahon va qit’a chempionatlarida, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, sharq yakkakurashlari va jang san’atlarining qator turlari bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda katta g‘alabalarni qo‘lga kiritdi.
Festivalda O‘zbekiston sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazi tomonidan turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida taekvondo (WTF) bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan Jasur Boyqo‘ziyev va ushbu musobaqada karate bo‘yicha kumush medal sohibi bo‘lganBarno Mirzayeva “Yilning eng yaxshi sportchisi” deya e’tirof etildi.
II Paraosiyo o‘yinlari g‘olibi, dzyudochi Odilbek Tulendiboyev “Eng matonatli sportchi”, muaytay bo‘yichaO‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Bahodir Hasanov “Yilning eng yaxshi murabbiyi”, xapkido bo‘yicha murabbiy Eduard Li “Sharq yakkakurashlari faxriysi”, Toshkentda o‘tkazilgan sambo bo‘yicha Osiyo chempionati “Yilning eng yorqin voqeasi”, O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi “Yilning eng yaxshi federatsiyasi” deb topildi. Milliy sport turini rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun O‘zbek jang san’ati federatsiyasi tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Tadbir davomida sportchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish qilindi.