Sharq sivilizatsiyasi va yoshlar
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida talaba-yoshlarga diniy ma’rifatning asl mohiyatini tushuntirish maqsadida turli sohalar vakillari, yetuk mutaxassis va olimlar ishtirokida turli mavzularda uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Bunda yoshlarimiz ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy hamda ilmiy-pedagogik sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga milliy an’ana va udumlarning xalqimiz o‘zligini namoyon etishidagi ahamiyati, uni avaylab-asrashning zarurati xususidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Akademiyaning ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi huzuridagi “Tafakkur maydoni” ilmiy-ma’rifat jamoatchilik markazi tomonidan “Sharq sivilizatsiyasi: yoshlar va yangicha dunyoqarash” mavzusida talaba-yoshlar uchun ilmiy-ma’rifiy bahs va munozara tashkil etildi. Uchrashuvda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumayev ishtirok etdi.
– bugungi mavzu juda dolzarbdir, – dedi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov. – Sharqda shakllangan islom sivilizatsiyasi nafaqat islom olami, balki butun bashariyat, insoniyat taraqqiyotiga ta’sir qildi, deyish mumkin. Islom sivilizatsiyasining asosiy o‘zak g‘oyalaridan biri – ilm egallashga bo‘lgan hurmatdir. Ammo, ming afsuski, bugungi kunda musulmon dunyosi nega bu narsadan uzoqlashib boryapti? Nega boylik, hashamatga ruju qo‘ymoqda? Nega ilmiy salohiyat, ayniqsa, aholining savodxonlik darajasi bo‘yicha musulmon dunyosi boshqalardan orqada qolmoqda? Buning sababini puxta o‘ylab ko‘rish kerak.

“Beshikdan qabrgacha ilm izla” deb aytiladi Hadisu shariflarda. Bu yaxshi. Ammo inson o‘zi olgan bilimlarini hayotga tatbiq eta olishi muhim. Shu bois diniy bilimlarimiz inson ma’naviy olamini boyitishga xizmat qilib, uning o‘zligini anglashga va el-yurt koriga yarash uchun dunyo ilmlarini egallashiga quvvat bermog‘i zarur.
– Tarixga yuzlanadigan bo‘lsak, dunyoning deyarli barcha qit’alarida o‘ziga xos sivilizatsiyalar bo‘lgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Jumayev. – Quvonarlisi, ushbu sivilizatsiyalar ona Vatanimizda ham yuz berib, ulug‘ bobokalonlarimiz dunyo ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan. Shu nuqtai nazardan, buguni kunda ham davlatimiz rahbari ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Misol uchun, Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berildi. Yurtboshimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida asosiy urg‘u ta’lim sohasiga qaratildi. Chunki ta’limsiz rivojlanish bo‘lmaydi. Vaziyatga real baho beradigan bo‘lsak, bugun rivojlangan mamlakatlar taraqqiyoti zamirida ilmga bo‘lgan investitsiyani ko‘ramiz. Bizda ham shu yo‘ldan borishga intilish kuchli. Shu bois davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan yoshlar uchun ko‘plab sharoitlar yaratilyapti. Bir necha yil avval yoshlarni oliy ta’limga jalb qilish ko‘rsatkichi ancha past bo‘lib, har 100 nafar yosh 9 nafarining oliy ta’lim olishga imkoniyati mavjud edi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 25 foizga chiqdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich yanada oshadi. Zero, ta’limga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirmasdan turib taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.
Bahs-munozaralar davomida Sharq sivilizatsiyasining rivojida yurtimiz allomalarining tutgan o‘rni, ular qoldirgan bebaho ma’naviy merosning ahamiyati, dunyo siyosat maydonida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar, yoshlarni qiynayotgan muammolar haqida so‘z yuritildi.
Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha ma’ruzachilarga murojaat qildi. Qizg‘in o‘tgan uchrashuv yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi matbuot xizmati