Sharq qo‘lyozmalari - bebaho xazina
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti hamkorligida “Markaziy Osiyo Sharq qo‘lyozma madaniyati: qo‘lyozmalar madaniy meros va tarixiy manba” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi.
Fanlar akademiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, zoom platformasi orqali bo‘lib o‘tgan ushbu anjumanda nainki mamlakatimiz, balki Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya, Turkiya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlardan yetakchi soha mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Anjuman yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizning boy merosini asrab-avaylash, mukammal tadqiq etish masalasi yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Ayni paytda xorijdagi qo‘lyozma, qadimiy manbalar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish, chet ellik hamkorlar bilan bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirish, milliy madaniy-ma’rifiy merosimizni o‘rganishga doir tadqiqotlar doirasini kengaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Avstriya Fanlar akademiyasi Eronshunoslik instituti direktori, doktor Florian Shvars anjuman ishtirokchilarini qutladi. Buyuk sivilitsaziyalarga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz merosi jahon ilm ahlining doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.
Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti professori Charlz Melvill, Niderlandiyaning Leyden universiteti professori Yelena Paskaleva ham ushbu anjumanning nechog‘li dolzarb ekani xususida batafsil so‘zladi.
Anjuman doirasidagi “O‘zbekistonda islom madaniyati, tarixi va san’atini o‘rganishning yangi istiqbollari” mavzuidagi akademik Ubaydulla Karimov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman maqolalari to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu to‘plam bo‘yicha Islom hamkorligi tashkiloti islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich so‘zga chiqib, olib borilayotgan ilmiy hamkorlik ko‘lami va ahamiyati hamda ilmiy anjuman haqida alohida to‘xtaldi.
Uch kun davom etgan xalqaro anjuman ishida matnlarni tadqiq va nashr qilish, yozma madaniy merosni asrash, ularni o‘rganish bo‘yicha so‘nggi yillarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, istiqbolli loyihalar bo‘yicha qiziqarli ma’ruzalar tinglandi, o‘zaro fikr almashildi va muhokama qilindi.
N.Usmonova, O‘zA