Shanxayda O‘zbekiston – Xitoy tahlil markazlari forumi tashkil etildi
Shanxay shahrida “O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining yangi bosqichi: umumiy qarash va umumiy kelajak” mavzusida ilk bor “10+10” formatidagi O‘zbekiston va Xitoy yetakchi tahlil markazlari forumi tashkil etildi.
Forum “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Shanxay global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi tomonidan tashkil etildi.
Mazkur yuqori darajadagi platforma ikki mamlakat tahlil markazlari va universitetlari o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish hamda amaliy siyosiy muloqotni rivojlantirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Forumda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda yurtimiz va xorijiy universitetlarining akademik doira vakillari va siyosatshunos-tahlilchilari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklikning istiqbollari, milliy strategik hujjatlar — “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Xitoyning 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan besh yillik dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlari muhokama qilindi.
Jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik, mintaqaviy bog‘liqlik, xavfsizlik va barqarorlik masalalari hamda 2030–2050-yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli hamkorlik yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani, mazkur hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, mintaqaviy va xalqaro maydonda ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Darhaqiqat, ikki davlat o‘rtasida ekspertlik, ilmiy-tahliliy va gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqot markazlari, akademik muassasalar va ekspertlar hamjamiyatlari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish barqaror taraqqiyotni ta’minlash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim sanaladi.
O‘z navbatida, Xitoy tomoni vakillari O‘zbekiston–Xitoy munosabatlarining rivojlanish sur’atlarini yuqori baholab, o‘zaro ishonch va asosiy hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy hamkorlikning bugungi darajasini alohida qayd etdilar.
Xitoylik ekspertlar O‘zbekiston va Xitoy tahliliy markazlari hamda akademik muassasalari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Ishtirokchilar o‘zaro erishilgan kelishuvlar va ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini e’tirof etishdi.
M.Hojiakbarova, O‘zA