Shahrixonlik yosh basketbolchilar g‘olib
Andijonda “Besh tashabbus – sport bilan” shiori ostida basketbol bo‘yicha viloyat musobaqasi o‘tkazildi.
Yozgi ta’til davrida o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, yoshlar o‘rtasida basketbolning ommaviyligini oshirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, "Yoshlik" jismoniy tarbiya va sport jamiyati, viloyat basketbol federatsiyasi hamkorligida sportning basketbol turi bo‘yicha 2007-2008 yilda tug‘ilgan o‘quvchilar o‘rtasida "Besh tashabbus – sport bilan" shiori ostida o‘tkazilgan musobaqada viloyatdagi barcha tuman va shahar jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.

Qiziqarli va murosasiz bahslar ostida o‘tgan musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, Shahrixon tumani yosh basketbolchilari barcha raqiblaridan ustun kelib, 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Oltinko‘l tumani, uchinchi o‘rin esa Paxtaobod tumani jamoalariga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar viloyat "Yoshlik" jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA