Sergey Fomin navbatdagi sovrinni ko‘zlamoqda
Bosniya va Gersegovinaning Kiselyak shaharchasida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilan turnirda hamyurtimiz Sergey Fomin muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Sergey Fomin asosiy to‘r bahslarining birinchi davrasida avstraliyalik Antonio Pelivanga qarshi kortga tushib, har ikkala setda g‘alaba qozondi va ikkinchi davraga chiqdi.
Endi mukofot jamg‘armasi 25 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi xalqaro turnirda tennischimiz 1/4 final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan bahsda serbiyalik Sasha Markovich hamda avstraliyalik Mettyu Dellavedova o‘rtasidagi uchrashuv g‘olibi bilan raqobatlashadi.
Shuningdek, Sergey Fomin musobaqaning juftliklar o‘rtasida neytral tennischi Marat Sharipov bilan tandem hosil qilib, ilk bosqichda amerikalik Patrik Toman va neytral tennischi Denis Klok duetini 6:1, 6:3 hisobida yengdi.
Endi Sergey va Marat chorak finalda polshalik Maks Kasnikovski va daniyalik Elmer Moyeller juftligi bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA