Sergeli tumanidagi 300-maktabda ham "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlari o‘tkazildi
Bugun mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Jumladan, Sergeli tumanidagi 300-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov ishtirok etib, Prezidentimizning bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Tabrikda ta’kidlanganidek, bu yil yurtimiz bo‘ylab 472 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz maktab ta’limini yakunlab, mustaqil hayot sari dastlabki qadamlarini qo‘ymoqda.
Ayniqsa, joriy yilda birinchi marta 11 ming nafardan ziyod bitiruvchilarning oltin va kumush medallar bilan maktabni tamomlayotgani mamlakatimizda ta’lim sifati, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bilim olishga bo‘lgan intilishlari yuksalib borayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Bitiruvchilarning ta’lim va fan sohasidagi yutuqlari ham e’tiborga loyiq. Xususan, 45 nafar o‘quvchi muddatidan oldin xorijiy davlatlar hamda O‘zbekistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan.
Shuningdek, tuman fan olimpiadalarida ishtirok etgan 82 nafar o‘quvchi shahar bosqichiga yo‘llanma olgan bo‘lsa, ulardan 6 nafari g‘olib va sovrindor sifatida respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Ta’kidlash joizki, Sergeli tumanidagi 25 ta umumta’lim maktabini bu yil 3,5 ming nafardan ziyod bitiruvchi tamomlamoqda. Ulardan 47 nafari oltin, 13 nafari esa kumush medal sohibi bo‘ldi.

Yoshlarni rag‘batlantirish, ularning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi va intilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman bo‘ylab eng faol va namunali 100 nafar bitiruvchiga Bojxona qo‘mitasi nomidan planshetlar sovg‘a qilindi. Jumladan, 300-sonli umumta’lim maktabining 12 nafar faol bitiruvchisiga planshetlar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarga ezgu tilaklar bildirib, ularning kelgusida mamlakat taraqqiyoti, yurt ravnaqi va Yangi O‘zbekiston kelajagi uchun munosib kadrlar bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA