Serbiya Prezidenti O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini yuksak baholadi
O‘zbekiston Respublikasi parlament delegatsiyasining Serbiyaga rasmiy tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Serbiya Prezidenti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy va ezgu tilaklarini yo‘llab, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch va do‘stlik ruhida izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Suhbat chog‘ida oliy darajada siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Xususan, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, turizm, transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi va energetika kabi yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlik salohiyati yuqori ekani qayd etildi.
Aleksandr Vuchich mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sur’atlarini yuksak baholab, O‘zbekistonni Yevroosiyo mintaqasidagi eng jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etdi.

Serbiya Prezidenti Belgradda o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoq tadbirlarida O‘zbekiston delegatsiyasining faol ishtirokini e’tirof etib, bu yo‘nalishdagi aloqalarni yanada faollashtirish davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Serbiya O‘zbekiston bilan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qat’iy intilishi bildirildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA