“Senator va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi
Milliy qadriyatlarimiz, o‘zligimiz, Vatanga sadoqat tushunchalarini keng targ‘ib etish, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida ziyolilar, senator va deputatlar oliy ta’lim muassasalarida yoshlar bilan uchrashmoqda.
Navoiy davlat pedagogika institutida tashkil etilgan targ‘ibot uchrashuvida Oliy Majlis Senati a’zolari Ziba Tulekova hamda Abdurahim Erkayevlar ishtirok etdi.

Dastlab institut rektori Bahodir Sobirov mehmonlarga oliygohdagi o‘zgarishlar, yangilanishlar va imkoniyatlar, institutning yangidan qurilayotgan kampusi haqida so‘zlab berdi. Shundan so‘ng talaba va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati a’zolari yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar, Vatanni sevish va uni ardoqlash shu aziz yurtda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanligini ta’kidladi.

– Bu yil oliy ta’lim muassasalariga qabul yangicha formatda, ya’ni ikki bosqichda o‘tkaziladi, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi Ziba Tulekova. – Birinchi bosqichda abituriyentlar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda abituriyentlar faqat test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi. Ikkinchi bosqichda esa test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi. Ya’ni o‘zining olgan baliga qarab, testlar o‘tib bo‘lgandan keyin oliygoh va uning yo‘nalishini tanlaydi.
Uchrashuvda talabalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, savollariga Senatorlardan atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri