Senator talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot qildi
Savdo-sanoat palatasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori Pokiza Ahmedjanovaning talaba-yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir partiyaning viloyat Kengashi huzuridagi Ayollar muammolarini o‘rganish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mudiri Nasiba Rustamova, Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mudiri Elyor Jo‘rayev hamda Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sohiba Mamanazarova hamkorligida o‘tkazildi.


Uchrashuvda Guliston davlat universiteti o‘qituvchilari va talaba-yoshlar faol ishtirok etishdi. Muloqot jarayonida yoshlarning kasbiy rivojlanishi, ijtimoiy faolligini oshirish, shuningdek, ularning biznes va tadbirkorlikka qiziqishini qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama etildi.
Senator Pokiza Ahmedjanova mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ayniqsa, ta’lim tizimidagi yangilanishlar va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U nutqi davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi va kasbiy yo‘nalishlarda shakllanishi davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi.


– Yoshlarimiz — bizning eng katta boyligimiz. Ular o‘z orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Muhimi, yoshlarimiz ana shu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib, faol va tashabbuskor bo‘lishlari lozim, – dedi senator Pokiza Ahmedjanova.

Uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish barobarida taklif va fikr-mulohazalarini ham bildirdilar.
Tadbirda faol ishtirok etgan yoshlarga senator tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri