Senator Konstitutsiya mohiyatini tushuntirdi
Yurtimizda shu yilning 30 aprel kuni muhim ijtimoiy-siyosiy tadbir – “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasiga muvofiq referendum bo‘lib o‘tadi.
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida doimiy ravishda faoliyat yurituvchi senatorlar o‘z hududlarida bo‘lib, mehnat jamoalari, mahallalar va ta’lim maskanlarida yangi tahrirdagi Konstitutsiya targ‘ibotiga alohida e’tibor qaratmoqda.

Jumladan, Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Mahmudjon Parpiyev Namangan viloyatiga xizmat safari avvalida yoshlar bilan uchrashdi.
Namangan davlat universitetida “Referendum – 2023: Kelajaging uchun ovoz ber” shiori ostida “Referendum va yoshlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan targ‘ibot tadbirida viloyat prokuratura organlarining mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etdi. Senator ma’ruzasi avvalida, yangilanayotgan Konstitutsiyada inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini kafolatlash birinchi o‘ringa qo‘yilganligi, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalq bilan bamaslahat, ularning takliflari inobatga olingan holda ishlab chiqilgani uchun ham xalqchil, bugungi kun talablariga javob berishini ta’kidladi.

Bevosita xalqimizning 220 mingdan ziyod takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda 64 ta modda o‘zgartirilib, 128 tadan 155 taga ko‘paytirilmoqda. Undagi normalar soni esa 275 tadan 434 taga oshdi. Eng asosiysi shundaki, amaldagi bosh hujjatdan farqli o‘laroq yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar uch barobarga oshmoqda. Insonning yashash, sog‘lig‘ini saqlash, ilm olish va mehnat qilish kabi fundamental huquqlari mustahkamlanib qo‘yilayotganligi kelgusida davlat idoralari va mansabdor shaxslarining faqatgina fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat yuritishi lozimligini anglatadi.
Notiq o‘z so‘zida, shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyaning o‘ziga xos jihatlari haqida to‘xtalarkan, shu jumladan ta’limdagi o‘zgartish va qo‘shimchalarning kelgusida yosh avlod kamoloti va himoyasi borasida ham batafsil to‘xtaldi. Shuni qayd etish kerakki, keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt bo‘yicha kvotalar soni oshganligi ota-onalar va talabalarda davlat grantlari soni kamayib ketar ekanda, degan o‘rinli savollarni keltirib chiqargani bor gap. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “Har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli” degan normaning mustahkamlanishi eng avvalo, ushbu vazifani konstitutsiyaviy darajada kafolatini ta’minlash, qolaversa turli xavotirlarning oldini olishga xizmat qilishi shubhasiz.

Targ‘ibot tadbirida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. Universitet tomonidan o‘tkazilgan ijodiy ishlar tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar mukofotlarni senator qo‘lidan qabul qilib oldi. Uchrashuv yakunida joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida yoshlarni faol ishtirok etishga chaqirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA