Senatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritish masalasi muhokama qilindi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Majlisda keyingi yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatida nufuzini oshirishga katta e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda va xalqaro maydonda o‘zbek tili faol qo‘llanilmoqda. Xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tiliga e’tibor va uni o‘rganishga qiziqish kuchaymoqda.
Mana shunday sharoitda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini va imlo qoidalarini yanada takomillashtirish hayotiy zaruratga aylandi.
Shu munosabat bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlo qoidalari mutaxassislar tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari asosida takomillashtirildi.

Unga ko‘ra, qonunga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishi, shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda (amalda 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi).
Senatorlar tomonidan qonun kuchga kirguniga qadar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarda ushbu qonun tahriri asosida takomillashtirilgan harflarning avvalgi shakli mavjud bo‘lishi ularning amal qilishiga va muomalada bo‘lishiga monelik qilmasligi qayd etildi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida amalda foydalanilayotgan hujjatlar, blankalar, peshlavhalar, ko‘rsatkichlar va boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zarurati talab qilinmaydi.
Senatorlar qonun lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini va imlo qoidalarini yanada takomillashtirish hamda davlat tilini qo‘llash va raqamlashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Majlis yakunida qo‘mitaning ushbu qonunni Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritish yuzasidan qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA