Senatda ilm-fan sohasida salmoqli natijalarga erishgan bir guruh xotin-qizlar taqdirlandi
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan oliy ta’lim tizimida ilm-fanni rivojlantirish, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy va ilmiy salohiyatini yuksaltirish borasida salmoqli natijalarga erishgan bir guruh xotin-qizlar Oliy Majlis Senati Raisining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi.
Taqdirlash jarayonida har bir ishtirokchining faoliyati alohida e’tirof etilib, uning jamoadagi o‘rni va amaliy ishlari haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, e’tirof etilganlar oliy ta’lim tashkilotlarida ilm-fan, ta’lim sifati, innovatsiya va gender tenglikni ta’minlash sohalarida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning tashabbusi bilan muhandislik va IT yo‘nalishlarida xotin-qizlar uchun inklyuziv ta’lim markazlari tashkil etilgan, STEAM ilmiy tadqiqot laboratoriyalari, “Psixologiya” va “Transformatsiya” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Taqdirlanganlar orasida yuzlab ilmiy ishlar, monografiya va darsliklar mualliflari, o‘nlab fan doktorlari (DSc) va falsafa doktorlarini (PhD) yetishtirib chiqargan ustozlar bor. Ularning gender tadqiqotlari va xotin-qizlar faolligini oshirishga doir ilmiy izlanishlari mamlakatimiz ilmiy salohiyatini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgani e’tirof etildi.
Ayniqsa, innovatsiya va ixtirochilik sohasidagi natijalar alohida qayd etildi. Jumladan, 9 ta patent muallifi bo‘lgan, endokrinologik kasalliklarning oldini olishga qaratilgan amaliy ishlanmalarni joriy etgan, o‘nlab ratsionalizatorlik takliflarini amaliyotga tatbiq etgan olimalar faoliyati yuksak baholandi.
Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlaridagi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashlarining faol rahbarlari ham taqdirlandi.
N.Abduraimova, O‘zA