Senatda bir guruh madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlariga davlat mukofotlari topshirildi
Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.
Farmonga muvofiq, o‘zining ko‘p yillik samarali ilmiy-ijodiy faoliyati, yorqin va betakror iste’dodi bilan xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy ma’naviyatimizni boyitish, mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirish, asriy an’analarimiz, boy merosimizni asrab-avaylash va Yangi O‘zbekistonni jahon miqyosida targ‘ib etishga qo‘shgan munosib hissasi, jamiyatimizda o‘zaro hamjihatlik, ezgulik va bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlash, yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahorat va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, farzandlarimizni ona yurtga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Oliy Majlis Senatida bir guruh yurtdoshlarimizga ana shu yuksak davlat mukofotlari topshirildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan mukofotlarni va tegishli hujjatlarni tantanali ravishda topshirdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot namoyandalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib qadrlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini alohida ta’kidladi.
[gallery-29694]
Bugungi mukofotlar ham davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan ana shu yuksak e’tibor va e’tirofning amaliy ifodasi ekani qayd etildi. Mukofotlanganlar esa davlatimiz rahbarining yuksak ishonchi va e’tibori uchun samimiy minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham o‘z ijodi va fidokorona mehnati bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, milliy madaniyat va ma’naviyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shishda davom etishlarini bildirdi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA