Senat Raisi AQSH Kongressida bo‘ldi
O‘zA avval xabar berganidek, Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib turibdi.
Vakillarimiz AQSH Kongressi Tashqi ishlar qo‘mitasidagi Osiyo, Tinch okeani va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha quyi qo‘mita raisi, Kaliforniya shtatidan saylangan kongressmen-demokrat Ami Bera bilan uchrashdi.
Muloqotda parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqboli muhokama qilindi.
Kongressmen 2021 yil oktyabr oyida Toshkentga tashrifi doirasida AQSH Kongressi delegatsiyasi a’zolari uchun uyushtirilgan samimiy qabul va O‘zbekiston rasmiy doiralari bilan mazmunli uchrashuvlar uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.
A.Bera Amerika iqtisodiyot va savdo sohasidagi hamkorlikni yaxshilash uchun barcha imkoniyatni izlayotganini, yurtimizda, umuman, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashda ko‘p qirrali sheriklikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, kongressmen O‘zbekistonda gender tenglik va xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatni yuqori baholadi.
Tadbir yakunida kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan parlamentlararo aloqani faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davom etmoqda.
O‘zA