Senat majlisi: alifbo takomillashadi, davlat chegarasini qo‘riqlash kuchayadi(+video)
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Senat a’zolari, Hukumat vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni Senat Raisi Tanzila Norboyeva kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini yuksaltirish, aholi farovonligini oshirish va har bir oila uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishdan iborat ekanini ta’kidladi.
Majlisda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yurtimizda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 4 foizgacha kamaydi. Bu natija aholiga shunchaki moddiy yordam ko‘rsatish bilan emas, balki mahalla, ko‘cha va xonadonbay tizimli yondashuv asosida qo‘lga kiritildi. Jumladan, yil boshiga nisbatan ehtiyojmand aholi soni 2,2 milliondan 1,5 million nafarga qisqarib, 49 ta tuman va qariyb 3,5 ming mahalla kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylandi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan aniq mexanizmlar asosida yil yakuniga qadar 350 ming nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, yana 1 million kishining daromadini oshirish hamda 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan, – dedi T.Norboyeva. – Bunda asosiy vakolat va resurslarni quyi bo‘g‘in — tuman darajasiga tushirish, ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlarini qayta ko‘rib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Kambag‘allikni qisqartirish – bu raqamlarni o‘zgartirish emas, balki inson hayotini yaxshilash, oilaning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash demakdir.
Yalpi majlisda bir qator muhim qonunlar muhokama markazida bo‘ldi. Jumladan, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ma’qullandi.
Shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytiruvchi, tovarlar sifatini tekshirish tartiblarini aniqlashtiruvchi hujjat ko‘rib chiqildi. Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun bilan esa noqonuniy tonnellar va shu kabi infratuzilma ob’ektlarini qurish, ulardan foydalanish yoki bunday faoliyatni moliyalashtirganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Majlisda Milliy gvardiya faoliyatiga oid qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, jamoat xavfsizligi va tartibini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi qayd etildi. Bundan tashqari, nizosiz talablarni notarius orqali rasmiylashtirishni soddalashtirish, ijro hujjatlarini elektron shaklda yuborish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mamlakatimizning xalqaro fuqaro aviatsiyasi sohasidagi ishtirokini faollashtirishga qaratilgan qator qonunlar ma’qullandi.
[gallery-31358]
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/YXpa5w6V9kk?si=6QDS5NG_oJV5fXiB" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), Doniyor Yoqubov (video), Salimjon Obidjonov (montaj),O‘zA