Senat binosida Bolalar kuni nishonlandi
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Mehribonlik uylari, imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati tarbiyalanuvchilari, shuningdek, mahallalarda istiqomat qiluvchi iqtidorli bolalar Senat binosiga tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bolalarni bayram bilan tabriklab, ularning komil inson bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida omad tiladi. Buning uchun yurtimizda zarur sharoitlar mavjudligi, bundan unumli foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Yosh mehmonlar Senat binosi, senatorlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Yalpi majlislar zalini tomosha qilish asnosida bolalar qonunlarni ma’qullash jarayonlari, xalqimiz hayotiga daxldor muhim masalalar muhokamalari qanday o‘tkazilishi haqida bilib oldilar.
– O‘qib-o‘rganishlaringiz uchun zamonaviy maktablar, jismonan chiniqishingiz uchun sport inshootlari, iste’dodingizni rivojlantirish uchun turli markazlar tashkil etilgan va boshqa ko‘plab imkoniyatlar qo‘lingizda, – dedi Tanzila Norboyeva. – Barchaning bepul ta’lim olishga bo‘lgan haq-huquqi ta’minlangani holda, individual ta’limga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Ijod hamda Prezident maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 56 ta matematika, 28 ta kimyo-biologiya, 14 ta axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maxsus ta’lim muassasalari tashkil etildi. Sizlarning har biringiz bir olamsiz. Har biringizning o‘zingizga xos qiziqishingiz, iste’dodingiz va qobiliyatingiz bor. Ushbu maktablar ularni ro‘yobga chiqarish, kelajakda o‘zingiz tanlagan sohani egallash, yetuk mutaxassis bo‘lishingizga mustahkam zamin hozirlaydi.
Uchrashuvda Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi O.Iminov, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi B.Sayfullayev hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi B.To‘xtamurodov ham bolalarni bayram bilan qutladi.
O‘z navbatida, bolalar ham o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan bergan savollariga batafsil javob oldilar. Tadbir yakunida bolalar va senatorlar esdalik uchun suratga tushdi. Bolalarga bayram munosabati bilan sovg‘alar topshirildi.
N.Abduraimova, O‘zA