Senat: barqaror epidemiologik vaziyatni ta’minlashda hamkorlik kuchaytiriladi
Senatning Mudofaa va xavfsizlik hamda Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitalarining yig‘ilishida barqaror epidemiologik vaziyatni ta’minlash, mazkur sohadagi qonun hujjatlari ijrosini o‘rganish va takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda dunyoda epidemiologik vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Xususan, o‘ta xavfli infeksiyalar — o‘lat, vabo va kuydirgi kabi kasalliklar, yangi virusli tahdidlar global miqyosda jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Yaqin o‘tmishdagi COVID-19 pandemiyasi esa biologik xavfsizlik masalalarining naqadar dolzarb ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Mutaxassislar tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo mintaqasida tabiiy o‘choqli infeksiyalar faolligi saqlanib qolmoqda. Shu jihatdan, O‘zbekiston hududidagi tabiiy o‘choqlar, xususan, Qizilqum va Ustyurt hududlari alohida e’tibor talab qiladi.
Shu munosabat bilan epidemiologik nazoratni kuchaytirish, tizimli monitoring va profilaktika choralarini takomillashtirish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Shuningdek, biologik xavfsizlikni ta’minlashda davlat organlari o‘rtasidagi muvofiqlashgan hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Xususan, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari hamda Milliy gvardiyaning o‘zaro muvofiqlashgan harakati mamlakat bioxavfsizligi tizimining samaradorligini ta’minlashi alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Sog‘liqni saqlash, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya, Fanlar akademiyasi hamda boshqa qator idora va tashkilotlar vakillari ishtirok etgan yig‘ilish yakunida fikr-mulohazalar va takliflar asosida kelgusidagi vazifalar belgilandi. O‘rganishning qo‘shimcha tashkiliy masalalari yuzasidan ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA