Senat a’zolari xalq orasida
Ko‘rinmas yovni chekintirish yo‘lidagi qurolsiz ushbu jangda bashariyat, inchunin xalqimiz ham birdek qo‘lni qo‘lga berib, harakat qilyapti.
Koronavirus. Ilm-fan yuksak taraqqiy etgan XXI asrda shu nom bilan ataluvchi pandemiya butun dunyo ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish mezonlarini boshqa mezonlarga burib yubordi. Ushbu virus sabab insoniyat ko‘limi jihatidan misli ko‘rilmagan zarar ko‘rmoqda.
Ko‘rinmas yovni chekintirish yo‘lidagi qurolsiz ushbu jangda bashariyat, inchunin xalqimiz ham birdek qo‘lni qo‘lga berib, harakat qilyapti. Bu kurashda o‘zining fidoyiligi bilan jonbozlik ko‘rsatayotgan shifokorlar, yurt himoyachilari qatorida mas’ul rahbarlar, xalq vakillari ham o‘zlarining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i, senator Jamshid Xo‘jayev Navoiy shahridagi Guliston, Binokor, Istiqlol, Hayot mahallalaridagi imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 40 oila holidan xabar olib, ularga bir martalik oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatdi. Shu bilan bir qatorda, ushbu oilalarni bugungi kunda qiynayotgan muammolarni o‘rgandi.
– Xalqimizning cheksiz mehridan xursandman. Mana shunday og‘ir kunlarda ham bizni yolg‘iz qoldirishmadi. Turmush o‘rtog‘im vafotidan so‘ng ikki nafar farzandimni bir amallab katta qilayapman. Xudoga shukr, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y o‘zlarining yordamlarini ayamayapti. Shular qatorida senator va deputatlarimiz ham tez-tez holimizdan xabar olib turadi. Insonning og‘ir kunida yelkadosh insonlari bor ekan, hayotning har qanday sinoviga qaddini bukmay tura olar ekan, – deydi Istiqlol mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Aziza Abdutolibova.
Darhaqiqat, bu kabi xalq dardiga darmon bo‘lmoq, ayniqsa bugungi sinovli kunlarda har birimizning odamiylik burchimizdir. Zero, bu dunyoda insondan faqatgina ezgu amallar, ezgu nom qoladi.