Sektor kubogi kimga nasib etdi?
Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, viloyat to‘rtinchi sektori rahbari tashabbusi bilan joylarda mahallalar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
Darhaqiqat, mahallalarda ommaviy sportni keng targ‘ib etish, aholi ayniqsa, yoshlarning bo‘sh vaqtlaridan samarali foydalanish, ularni sport mashg‘ulotlariga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu sektor rahbariyati tomonidan ham mahallalarda bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, viloyat markazidan 140 kilometr olisdagi Konimex tumanining “Yangi G‘ozg‘on” ovul fuqarolar yig‘inida sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, arqon tortish turlari bo‘yicha to‘rtinchi sektor kubogi bellashuvlari o‘tkazildi.

Jumladan, voleybol musobaqasida 12 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi. Murosasiz bahslarda Sho‘rko‘l mahallasi voleybol jamoasi g‘oliblikka erishib, sektor kubogini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, arqon tortish bahslari ham milliy saylga aylanib ketdi. Yigitlar bellashuvida Zafarobod mahallasi havaskor sportchilari g‘alaba qozondi. Stol tennisi va shaxmat-shashka bo‘yicha yakkalik bahslarida esa ikkala sport turi bo‘yicha ham zafarobodlik G‘alim Mektepbayevga teng keladigani topilmadi.
Yakunda havaskor sportchilar uchun konsert dasturi hamda bayram dasturxoni tashkil etildi.
O‘zA