“Sehrli chapaqay” – sportdagi qat’iyat haqidagi film
«Renessans» kino uyida Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash milliy markazi, "Your films entertainment" mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida suratga olingan "Sehrli chapaqay" filmining yopiq premerasi bo‘lib o‘tdi.
“Sehrli chapaqay” – sport, oila va jamiyatning ibratli qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, hayotiy voqealarga asoslangan ijodiy loyiha sanaladi. Film tomoshabinga kuchli motivatsiya, ishonch va g‘alabaga intilish hissini ulashishi bilan diqqatga sazovor.
Film markazida ota va bola munosabatlari, ona mehri, tarbiya, jamoadagi ahillik ruhi ustuvordir. Kartinada aks etgan voqeliklar davomida bosh qahramonning murakkab hayot yo‘li, sportdagi sinovlari, mag‘lubiyat va umidsizliklarga qarshi kurashi, qayta oyoqqa turib, katta maqsadlar sari qat’iyat bilan intilishi chuqur dramatik uslubda ochib berilgan.

“Sehrli chapaqay” nainki sport haqidagi film, balki insoniylik, halollik, iroda va matonat haqida ham ta’sirchan hikoyadir.
Filmda mard, e’tiqodi mustahkam, farzandi kamoli uchun kurashuvchi ota obrazi orqali tomoshabinga kuchli hayotiy ibrat ko‘rsatiladi.
Loyiha yosh avlodni vatanparvarlik, qat’iyat, sportga muhabbat ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgani bilan diqqatga sazovordir. Mazkur kartina yurtimizda sport sohasidagi islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning amaliy natijalarini keng jamoatchilikka yetkazishi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu filmning ssenariy muallifi va rejissyori – Habibulloh Haydar, prodyuser – Fozil Yunusov, operatorlar – Dilmurod Turdiboyev, Sadriddin Shahobiddinov, rassom – Muhammadali Rahimov, bastakor – Aleksey Izvolskiy. Libos rassomi – Dilrabo Rajabova, grim rassomi – Nargiza Holikova, ikkinchi rejissyor – Ardasher Abdulhay o‘g‘li. Kartina direktori – Aziz Qurbonov.
Filmda asosiy rollarni Sirojiddin Sattorov, Muhammad Nurmuhammadov, Tohir Saidov, Shahlo Temirova, O‘lmas Temur, Ardasher Abdulhay o‘g‘li, Murod Nasimov va boshqalar ijro etgan.
N.Usmonova, O‘zA