“Sayyoramiz soati” aksiyasi
Butun zaminimizdagi ko‘plab davlatlarda har yili ma’lum kunda xalqaro miqyosda – Yer vaqti (Earth Hour) tadbiri o‘tkazilib kelinadi.
O‘zbekistonda ham mazkur tadbir doirasida 25-mart kuni “Sayyoramiz soati” aksiyasi o‘tkazildi. Jumladan, Jizzax viloyatidagi barcha davlat organlari va tashkilotlarida elektr energiyasi bilan ishlaydigan texnikalar 1 soatga tarmoqdan uzildi. Ayni shu vaqtda rahbar va xodimlar, professor-o‘qituvchilar hamda barcha ta’lim oluvchi o‘quvchi-talabalar, boshliq va ishchi-xodimlarga 1 soat davomida ixtiyoriy ravishda tashqarida sayr qilishi tavsiya etildi.


Ushbu aksiyada Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi 8-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchi, xodim va o‘quvchilari ham faol ishtirok etdi.


O‘quv muassasasida aksiya doirasida maktabda elektr energiyasi bilan ishlaydigan barcha texnikalar 1 soatga tarmoqdan uzildi. Maktab hovlisi va tabiat qo‘ynida 1 soatlik sayr amalga oshirildi. Shuningdek, ana shu vaqt davomida jismoniy mashqlar, gimnastika va badantarbiya mashqlari va sportning shaxmat, shashka va gandbol turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Yuqori sinf o‘quvchilari esa, tabiat qo‘ynida she’rxonlik mushoirasida o‘zaro bahslashdi.
Aksiyada faol ishtirok etgan o‘qituvchi, xodim va o‘quvchilarga maktab ma’muriyati tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirdi.


A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari