Sayyor sudda ikki oila yarashdi
Surxondaryo viloyat prokuraturasi va Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi aliment pullarini o‘z vaqtida ololmayotgan onalarning murojaati asosida sayyor sud majlisi tashkil etdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tumani sudida bo‘lib o‘tgan sayyor sud jarayonlarida aybdor alimentchi otalarga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi. Jumladan, majlislarda aliment to‘lashdan qasddan bosh tortib kelgan 4 otaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasiga asosan o‘n besh sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi. Yana bir alimentchi ota — A.Qilichev 14 million 500 ming so‘m aliment qarzlarini to‘lashdan qasddan bosh tortib kelgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan aybli, deb topildi va o‘n oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanildi.
Shu kuni Majburiy ijro byurosi Angor tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ikkita oilaning ijro hujjatlari harakatdan to‘xtatildi. Chunki, ular sud jarayonida ishtirok etgan keng jamoatchilik maslahatlariga amal qilib, o‘z xohishlariga ko‘ra yarashib oldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA