Sayyor qabulda muammolar hal etilmoqda
Respublika Adliya vazirligi tashabbusi bilan shu yilning 14 oktyabridan 28 oktyabriga qadar ozodlikdan mahrum qilish joylaridan ozod qilingan shaxslar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan “Huquqiy ko‘mak” aksiyasi o‘tkazilmoqda. Aksiya doirasidagi tadbirlar Namangan viloyati Mingbuloq va Uychi tumanlarida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Jazodan qaytgan shaxslar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini aniqlash, o‘rganish, tahlil qilish va hal etish, ularning jamiyatdagi roli, huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan choralar ko‘rish maqsadida Mingbuloqda bo‘lgan sayyor qabulda Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedov qatnashib, xayrli aksiyaning mazmun-mohiyati yuzasidan ma’lumot berdi.

Jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan fuqarolar bilan olib borilgan muloqot davomida 20 ta murojaat qabul qilinib, shundan 15 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, beshtasi esa alohida qayd etilgan holda, adliya bo‘limi nazoratiga olindi. Jumladan, tumandagi Qorashahar mahallasida yashovchi Avazbek Barakayevga duradgorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun tuman hokimligi bilan hamkorlikda subsidiya asosida dastgoh olib beriladigan bo‘ldi.

– Sayyor qabul davomida fuqarolarning murojaatlari ular xonadoniga borib, yaqindan o‘rganib chiqildi, – deydi Namangan viloyati adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Foziljon Jo‘raboyev. – Jumladan, bir fuqaroning yashash xonadoniga borib, o‘zi va ota-onasi bilan suhbat o‘tkazildi. Jahongir Uralov joriy yilning yanvar oyida qamoqdan shartli ravishda ozod etilgan. Unga tuman hokimligi tomonidan moddiy yordam ko‘rsatilgan. Adliya boshqarmasi va tuman bandlikka ko‘maklashish markazi hamkorligida u avtomobillarga gaz quyish shoxobchasiga operator sifatida ishga joylashtirildi.

Uychi tumanida o‘tkazilgan cayyor qabulda, fuqarolar M.D. va O‘.X. muddatidan oldin jazodan ozod qilinishni so‘rab murojaat qilgan. Sayyor qabul davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tumani sudining sudyasi tomonidan sayyor sud majlisi o‘tkazilib, fuqarolarning muddatidan avval jazodan bo‘shatish haqidagi arizasi ko‘rib chiqilib, tuman IIB tomonidan kiritilgan taqdimnoma qanoatlantirildi.
Albatta, bunday ezgu va amaliy aksiyalarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, ozodlikdan mahrum qilish joylaridan ozod qilingan shaxslar bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini o‘rganish, tahlil qilish hamda adliya organlarining vakolati doirasida hal etish choralarini ko‘rish va eng asosiysi jamiyatda “Inson qadri uchun” tamoyilini qaror toptirishdan iborat.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.