Sayyor qabul bemorlarga umid berdi
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Xatab qishlog‘ida respublika Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov “Pshag‘or” qishloq fuqarolar yig‘ini aholisi bilan sayyor qabul o‘tkazdi.
Jizzax viloyatida ham Prezidentimizning tashabbusi bilan vazirdan tortib, kichik lavomidagi rahbargacha fuqarolar huzuriga borib, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘lib, sayyor qabullar tashkil etilayotir. Ushbu uchrashuvlar chog‘ida aholini qiynab kelayotgan muammolar aniqlanib, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari murojaatchilarni tinglab, shu joyning o‘zida mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi. Ushbu sayyor qabul chog‘ida Amrillo Inoyatov tomonidan o‘ndan ortiq bemorlarga viloyat va respublika miqyosida davolanish va murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.
– 2009 yilda tug‘ilgan o‘g‘lim Ozodbek Hatamovda tug‘ma yurak nuqsoni bor, – deydi – Pastki Pshag‘or qishlog‘ida yashovchi Abduqodir Usmonov. – To‘g‘risi, shu vaqtgacha ko‘rsatmagan joyimiz qolmadi. Ammo natija bo‘lmadi. Bugun sayyor qabulni eshitib shu yerga keldim.

Amrillo Inoyatov o‘g‘limni hujjatlari bilan tanishib, O‘zbekiston Respublikasi Bolalar milliy tibbiyot markazi mutasaddilari bilan telefon orqali bog‘lanib, bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun ko‘rsatma berdi. Endi shu oy bolamni malakali vrachlar shifoxonada yuragidagi nuqsonni bartaraf etadi, deb ishonaman.
Sayyor qabul munosabati bilan viloyat va tuman tibbiyot muassasalarining yetakchi mutaxassislari tomonidan shu hudud aholisi tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik natijasida aniqlangan kasalliklarni davolash uchun tuman, viloyat va respublika tibbiyot muassasalariga yo‘llanmalar berildi.


A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA