Saylovchilar bilan uchrashuvlar davom etmoqda
Prezident sayloviga sanoqli kunlar qolgan ayni kunlarda nomzodlarning ishonchli vakillari har bir tuman va shaharlarda bo‘lib, saylovchilarga nomzodlar va ularning saylovoldi dasturidagi g‘oya va maqsadlarini yetkazishda davom etmoqda.
Jumladan, “Adolat” SDPdan Prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatilgan Bahrom Abduhalimovning Toshkent shahri hududi bo‘yicha ishonchli vakili Sadriddin Turobjonov shahar hududlari aholisi bilan yuzma-yuz uchrashib, targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadal olib bormoqda.
Ana shunday uchrashuvlarning navbatdagisi O‘zbekiston Milliy matbuot markazida tashkil etildi. Uchrashuvda partiya faollari, deputatlar, Toshkent Sharqshunoslik instituti talabalari hamda Shayxontohur tuman aholisi vakillari ishtirok etdi.
Dastlab tadbirda ishtirokchilarga nomzodning tarjimai holi ishonchli vakil tomonidan batafsil tanishtirildi. So‘ngra nomzod dasturidagi bandlarga alohida to‘xtalib, undagi ustuvor maqsadlar mohiyati tushuntirildi.
– Mamlakatimizda demokratik islohotlar kundan-kunga rivoj topib bormoqda, – deydi tadbirda ishtirok etgan saylovchi Naima Shukurova. – Buning isbotini bu yilgi Prezident saylovi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. “Adolat” SDPning bugungi tadbiri va unda aytilgan g‘oyalar menga juda ma’qul bo‘ldi. Unda xalq uchun ahamiyatli g‘oyalar, maqsadlar mujassam ekanligi e’tiborga molik.
Uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA