Saylov shtabi faoliyatini boshladi
Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasining markaziy kengashida saylov shtabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasining markaziy kengashida saylov shtabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning hududlardagi faollari, keng jamoatchilik vakillari hamda OAVlari xodimlari ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Ekologik partiyasining markaziy kengashi raisi Boriy Alixonov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan 2019 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida faol ishtirok etish uchun barcha zarur choralar ko‘rilayotgani va bunda partiyaning yangi ish boshlagan ushbu saylov shtabi saylovoldi jarayonlarga puxta taraddud ko‘rishda muhim maskan bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Joriy yil 20 sentabrdan saylov kompaniyasi boshlangan. Yangi Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiya o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 ming saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkinligi va imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilishi belgilangan.
Joriy yilning 24 sentabr kuni esa Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga ularning ro‘yxatga olinganligi haqidagi guvohnomalar hamda saylovchilarning imzolarini to‘plashi uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirildi.
– Bugungi kunda barcha siyosiy partiyalar qatorida saylovlarda ilk bor ishtirok etayotgan O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ham imzo yig‘ish jarayonlarini bormoqda, – dedi O‘zbekiston Ekologik partiyasining markaziy kengashi axborot xizmati rahbari Erkin Omonov. – O‘zbekiston Ekologik partiyasi “Biz kelajak uchun javobgarmiz” g‘oyasi bilan siyosiy maydonga chiqmoqda. Shu nuqtai nazardan partiya xalq bilan birga bo‘lish, xalq dardini eshitish va muammolarni birgalikda hal etish, ularning muammosini o‘zining muammosi, deb bilib yangicha formatda targ‘ibot aksiyalari hamda saylovga qizg‘in tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Har bir partiya saylov oldidan markaziy kengashlarida o‘z saylov shtablarini ochishi hamda tunu kun faoliyatini yo‘lga qo‘yishi belgilangan. Bugun o‘z ishini boshlagan saylov shtabi ana shu talablar ijrosidir. Unda deputatlar va partiya a’zolari uchun barcha qulayliklar yaratildi.