Saylov jarayoni va uni o‘tkazish tartibi
Barchamizga ma’lumki, fuqarolarning saylov kompaniyasida ishtirok etish yo‘li bilan saylash va saylanish huquqini amalga oshirishi, jamiyat va davlat ishlarida bevosita, o‘z vakillari orqali ishtirok etishi huquqi saylov orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasida, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi, deb belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017 yil 11 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan saylov qonunchiligi bir qator qonun va qonunosti hujjatlaridan iborat bo‘lsada, afsuski hanuzgacha yaxlit bir hujjat shakliga keltirilmaganligini ta’kidlab, xalqaro norma va standartlarga javob beradigan O‘zbekiston Respublikasining Saylov Kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Saylov Kodeksi Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 18 fevralda qabul qilindi. Senat tomonidan 28 fevralda ma’qullandi hamda 2019 yil 25 iyun kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolanib, rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiritildi.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga ko‘ra, saylovlarda har bir fuqaro bir ovozga ega. Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 117-moddasining 2-qismiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi bilan saylovda ishtirok etmaydigan shaxslar belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydilar.
Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish ochiq va oshkora amalga oshiriladi. Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.
Prezident saylovi, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kompaniyasi boshlanganligi ularning vakolatlari tugashidan kamida uch oy oldin e’lon qilinadi.
Konstitutsiyaga muvofiq, 2021 yil 23 iyul kuni saylov kompaniyasi ish boshladi va 2021 yil 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish kuni deb e’lon qilindi.
Saylovlar yuqorida qayd etilgan kun soat 08:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi.
Saylovchi ovoz berish binosiga kelgach uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin, unga belgilangan tartibda tasdiqlangan saylov byulleteni beriladi.
Nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi saylov byulleteniga uning tug‘ilgan yili va uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiya ko‘rsatilgan holda alifbo tartibida kiritiladi.
Saylov byulleteni yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to‘ldiriladi. Saylov byulletenini to‘ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi.
Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiradi. Saylov byulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.
Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «+» yoki « » yoxud «x» belgisini qo‘yadi.
Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi.
Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin. Buzib qo‘yilgan saylov byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi (yuqori chap burchagini kesish yo‘li bilan) lozim va alohida saqlanadi.
Hozirgi kunda saylovchilar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida saylovchilarning ro‘yxati to‘g‘risidagi o‘zi uchun kerakli ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega.
Shu bilan birgalikda barcha fuqarolar saylov qonunchiligiga kiritilgan yangiliklardan xabardor bo‘lishlari va o‘zlarining saylov huquqlarini amalga oshirishda bu imkoniyatlardan to‘liq foydalanishlari mumkin.
Endilikdagi vazifamiz siyosiy jarayon – Prezident saylovlarida faol ishtirok etib, konstitutsiyaviy huquqlarimizdan foydalangan holda o‘zimiz tanlagan munosib nomzodimizga ovoz berishimiz lozim bo‘ladi.
Baxtiyor Sadullayev,
Buxoro viloyat ma’muriy sudining sudyasi
Nurbek Raximov,
Buxoro viloyat sudining bosh konsultanti