Saxovatli insonlarning umri uzoq boʻlsin
Davlatimiz rahbarining topshirigʻi boʻyicha Xoʻjaobod tumanida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz Andijon viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida viloyatda qiyin sharoitda yashayotgan 40 mingdan ziyod oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini, yaʼni doimiy daromad manbai bilan taʼminlash, turmush sharoitlarini yaxshilash orqali kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻi boʻyicha Xoʻjaobod tumanida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda. Ayni kunda tumanda 77 ta oila “temir daftar”ga kiritilgan.
Tumandagi Karnaychi mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Shahnoza Nishonboyevaning oilasi ham “Temir daftar”ga ruyxatga olindi. Oila boquvchisini yoʻqotgan, voyaga yetmagan uch nafar farzandini ayolning oʻzi tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda.
Mustaqillik bayrami arafasida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi, tuman hokimligi tashabbusi bilan “Qishloqqurilishbank” Xoʻjaobod tumani filiali homiyligida ushbu oilaga yangi uy qurib berildi hamda uch nafar farzandining sunnat toʻyi oʻtkazildi.
– Koʻrsatilgan eʼtibordan boshim koʻkka yetdi, – deydi Shahnoza Nishonboyeva. – Turmush oʻrtogʻim vafot etgan, uy-joy qilishni xayolimga ham keltirmagan edim. Saxovatli insonlarga rahmat. Ularning eʼtibor va koʻmagi bilan yangi uyli boʻldim. Qolaversa, farzandlarimning sunnat toʻyi oʻtkazib berildi. Yurtboshimiz, saxovatli insonlar dunyo turguncha tursin. Mehr-oqibatli xalqimizga aslo koʻz tegmasin.
Viloyat, tuman hokimligi vakillari yangi uy sohibasini muborakbod etib, toʻybolalarga oʻzlarining esdalik sovgʻalarini topshirdi.



