Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vaziri «BioPharma City» farmatsevtika klasteri faoliyati bilan tanishdi
Saudiya Arabistoni Qirolligi Cog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurahmon Al-Jalajel boshchiligidagi rasmiy delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori Abdulla Azizov mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, investitsiya muhitini yanada takomillashtirish hamda «BioPharma City» innovatsion farmatsevtika klasteri salohiyati haqida taqdimot qildi.
Shundan so‘ng delegatsiya «BioPharma City» klasteri faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga klasterning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, ta’lim va innovatsiyalar ekotizimi, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar farmatsevtika sohasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy sheriklikni yanada mustahkamlash yuzasidan muloqotlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Saudiya Arabistoni Qirolligi delegatsiyasi tarkibida mamlakatning yetakchi sog‘liqni saqlash tashkilotlari – "The Health Holding Company" (HHC) hamda "The National Unified Procurement Company" (NUPCO) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika tarmoqlarini modernizatsiya qilish, «BioPharma City» farmatsevtika klasteri doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda xorijiy kompaniyalar ishtirokida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirini takomillashtirish, davlat xaridlari tizimida ilg‘or yondashuvlarni joriy etish, texnologiyalar transferi, logistika, investitsiyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Ma’lumot uchun, "The Health Holding Company" (HHC) Saudiya Arabistonining Vision 2030 strategiyasi doirasida sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilishda muhim o‘rin tutuvchi davlat kompaniyasi hisoblanadi. "The National Unified Procurement Company" (NUPCO) esa dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnologiyalarni markazlashgan tarzda xarid qilish hamda ularning uzluksiz ta’minotini ta’minlashga ixtisoslashgan yetakchi davlat operatoridir.
Mohigul Qosimova, O‘zA